
Rossiyalik taniqli futbol agenti Dmitriy Selyuk Moskvaning mashhur klublari – SSKA va “Dinamo” milliy chempionatda muvaffaqiyatga erishishi uchun bosh murabbiylarni o‘zgartirishi lozimligini ta’kidladi.
Rossiya Premer-ligasining 19-turidan keyin xorvatiyalik mutaxassis Marsel Lichka boshchiligidagi “dinamochilar” musobaqa jadvalida to‘rtinchi o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, serbiyalik Marko Nikolich ustozlik qilayotgan SSKA futbolchilari hali hamon oltinchi pog‘onadan ko‘tarila olgani yo‘q.
- Ilgari SSKA uchun ikkinchi o‘rin ham mag‘lubiyat hisoblanar edi. Hozir esa, “armiyachilar” oltinchi pog‘onaga ham ko‘nikib qoldi. Nikolich kelganidan keyin nima qildi? Hech narsa!
Bu mutaxassis jamoada Miralim Pyanich uchun romb sxemasini joriy qilishga urinyapti. Bir “yugoslav” boshqa yugoslavga joy ochyapti (Serbiya va Bosniya ilgari sobiq Yugoslaviya tarkibida bo‘lgan – izoh sports.uz). Bundan eng ko‘p Abbosbek Fayzullayev ziyon ko‘rmoqda, shuningdek, boshqa futbolchilar ham. Bu ketishda ularning yakuniy natijasi oltinchi o‘rin bo‘lib qolaveradi.
Men Marko Nikolichni hali bosh murabbiylikdan olib tashlashlariga aminman. Marsel Lichkani ham. SSKA va “Dinamo”ga yaxshi murabbiy kerak xolos. Masalan, Frank Artigaga e’tibor qaratishsin. Bu mutaxassis yozda talash bo‘ladi. U yosh va iste’dodli futbolchilarni rivojlantira oladi. Xuddi shu ishni “Barselona” tizimida ham uddalagan, - dedi Dmitriy Selyuk.
SSKAga katta umidlar bilant olib kelingan Marko Nikolichning SSKAda o‘zi qo‘llayotgan yangi o‘yin sxemasi bo‘yicha fikri umuman boshqacha. Serbiyalik mutaxassis u jamoaga singdirayotgan romb usuli Abbosbek Fayzullayevga mos tushishini ta’kidlayapti.
- Tashqaridan 8-raqam pozitsiyasida o‘ynayotgan Abbosbek Fayzullayevga yangi sxemada qiyin bo‘layotganidek tuyulishi mumkin. Chunki u avvalgiga qaraganda ko‘proq himoyalanishiga to‘g‘ri kelyapti va bunga ko‘p vaqt sarflayapti.
Menga esa, bunday tuyulgani yo‘q. Zamonaviy futbolchilar hujum uyushtirishni ham, himoyalanish ko‘nikmalarini ham rivojlantirib borishi shart.
Abbos ko‘p harakat qiladi va juda katta hajmdagi ishni bajarmoqda. Shuni aytishim mumkinki, yig‘inlarda mashg‘ulotlarga kirishishdan avval chidamlilik bo‘yicha testlar o‘tkazildi. SSKAning barcha o‘yinchilari orasida bu borada aynan Abbosbek Fayzullayev birinchi o‘rinni egalladi.
U hamon jamoaning o‘tkir hujumlarida ishtirok etmoqda, imkon bo‘lishi bilan xavfli vaziyatlarni yuzaga keltiryapti. Bu sxemada Abbos yanada kuchayishiga aminman.
Abbosdan nimalarni kutayotganimiz haqida o‘zi bilan gaplashdim. U albatta o‘sishga erishadigan juda iqtidorli futbolchi. Bir kun kelib, Yevropaning top-klubida paydo bo‘ladi, - dedi Marko Nikolich.
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Abbosbek Fayzullayev 2023 yilning yozidan beri SSKA sharafini himoya qilib kelmoqda. Transfermarkt portali tomonidan 8 million yevroga baholanayotgan hujumkor legionerimiz “armiyachilar” safiga qo‘shilganidan beri 56 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga sakkizta gol va 20 ta assist yozdirib qo‘ydi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar