08:40 / 11.03.2025
13 105

"Al-Hilol" bosh murabbiyi "Paxtakor"ga qarshi o‘yin oldidan nimalar dedi?

"Al-Hilol" bosh murabbiyi "Paxtakor"ga qarshi o‘yin oldidan nimalar dedi?
Osiyo Chempionlar Ligasi 1/8 finali javob bahsi doirasida "Paxtakor"ga qarshi o‘yin oldidan "Al-Hilol" klubi bosh murabbiyi Jorje Jezus matbuot anjumanida ishtirok etdi va muhim uchrashuv haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

"Bu hal qiluvchi o‘yin"

Portugaliyalik murabbiy mazkur uchrashuv "oddiy chempionat o‘yini emas"ligini ta’kidladi va "Al-Hilol"ning yagona maqsadi g‘alaba ekanini aytib o‘tdi:

"Bu hal qiluvchi bahs, maqsadimiz esa aniq – keyingi bosqichga chiqish. Birinchi uchrashuvda mag‘lub bo‘ldik, shuning uchun javob bahsida yuqori darajadagi o‘yin ko‘rsatish va ijobiy natijaga erishishni maqsad qilganmiz. Bugun biz asosiy mashg‘ulotni o‘tkazamiz va bu o‘yinda eng muhimi – g‘alaba."

Jarohatlangan futbolchilarning holati

"Al-Hilol"ning asosiy tarkibida bir qator futbolchilarning jarohatdan qaytishi jamoa uchun muhim yangilik bo‘lishi mumkin. Shahrani, Lodi va Tambakti kabi o‘yinchilarning tayyorligi haqida Jezus shunday dedi:

"Bu uchlikning qaytishi yaxshi yangilik. Ular o‘yinga tayyor, ammo ulardan foydalanish borasida yakuniy qarorni so‘nggi mashg‘ulotdan so‘ng qabul qilamiz."

Shuningdek, Aleksandar Mitrovich haqida ham gapirib, uning ishtirokini hozircha kafolatlay olmasligini bildirdi:

"Mitrovich haqida to‘liq ma’lumot berish qiyin. Barchasi tibbiy tekshiruv natijalariga bog‘liq. Uni o‘yinga jalb etishimiz yoki etmasligimiz o‘yindan bir soat oldin aniq bo‘ladi."

"Al-Hilol"ning maqsadi – g‘alaba!

"Al-Hilol" jamoasi birinchi bahsda mag‘lub bo‘lgani sabab, javob uchrashuvida barcha kuchini sarflab o‘ynashga tayyor. Saudiya klubi Osiyo Chempionlar Ligasi kabi yirik musobaqada ishtirokini davom ettirish uchun "Paxtakor"ni mag‘lub etishdan boshqa iloji yo‘q.

Muxlislar ushbu uchrashuvda jamoalardan keskin kurash kutishmoqda. "Paxtakor" uchun ham, "Al-Hilol" uchun ham bu hal qiluvchi bahs hisoblanadi. Har ikki jamoa Osiyo futbolida o‘z o‘rniga ega va keyingi bosqichga yo‘l olish uchun maksimal kuch sarflashi aniq.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan «Paxtakor» bugun «Al Hilol» mehmoni bo‘ladi. «Al Hilol» va «Paxtakor» jamoalari o‘rtasidagi bahs 11 martdan 12 martga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan 01:00da Riyoddagi «Kingdom Arena» stadionida boshlanadi.

Jamoalarning ilk uchrashuvida «Sherlar» 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport