date
views 127

Krishtianu Ronaldu: «Ba’zida orzularni kutishga to‘g‘ri keladi»

Krishtianu Ronaldu: «Ba’zida orzularni kutishga to‘g‘ri keladi»
Kecha Saudiya Arabistonining «Al Nassr» klubi Elit Osiyo Chempionlar ligasi yarim finalida Yaponiyaning «Kavasaki» jamoasiga qarshi bahsda mag‘lubiyatga uchrab, final yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmadi. Uchrashuvdan so‘ng «Al Nassr» sardori va portugaliyalik yulduz futbolchi Krishtianu Ronaldu ijtimoiy tarmoqlarda barcha muxlislar va jamoadoshlariga minnatdorchilik bildirib, o‘yin haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Hayotda ba’zan orzu qilgan narsangiz uchun ko‘proq vaqt kutishingizga to‘g‘ri keladi. Men bu jamoaning bir qismi bo‘lganim, maydonda barcha narsani berib o‘ynaganimiz bilan faxrlanaman. Bizga butun mavsum davomida ishongan va har bir o‘yinda bizga kuch bag‘ishlagan muxlislarimizga alohida tashakkur bildiraman. Sizlarning qo‘llab-quvvatlashingiz bizning eng katta boyligimiz va kuchimizdir», — deb yozgan Ronaldu o‘zining shaxsiy sahifasida.

Eslatib o‘tamiz, «Al Nassr» klubi bu mavsum Elit OCHLda katta orzular va maqsadlar bilan ishtirok etgan edi. Ammo yarim finalda «Kavasaki» jamoasi bilan kechgan keskin kurashda saudiyaliklar o‘yinni boy berib, musobaqani tark etishga majbur bo‘ldi.

Ronalduning ushbu postidan keyin muxlislar uning izohlari ostida jamoani kelgusi mavsumlarda ham qo‘llab-quvvatlashini bildirib, portugaliyalik yulduzga dalda berishmoqda. Hozirda «Al Nassr» oldida ichki chempionat va boshqa milliy turnirlarda g‘alaba qozonish kabi muhim vazifalar turibdi. Jamoa yetakchisi sifatida Ronalduning bu boradagi roli juda muhim bo‘lishi, shubhasiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Krishtianu Ronaldu: «Ba’zida orzularni kutishga to‘g‘ri keladi»