date
views 154

Jo Rogan sirni ochdi: Nurmagomedov va Maxachevni MMAda tengsiz qilgan omil nima?

Jo Rogan sirni ochdi: Nurmagomedov va Maxachevni MMAda tengsiz qilgan omil nima?
UFC jahonida katta hurmat qozongan sharhlovchi va mashhur podkast olib boruvchisi Jo Rogan Islom Maxachev hamda Xabib Nurmagomedovning mutlaq ustunligi va muvaffaqiyat sirlari haqida fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ikki sportchiga xos bo‘lgan faoliyat tarzi va mashg‘ulotga bo‘lgan yondashuv ularni boshqalardan ajratib turadi.

“Xabib va Islom nafaqat texnik jihatdan, balki psixologik va jismoniy jihatdan ham o‘ta tayyorgarlikli jangchilar. Ular mashg‘ulotda o‘zini ayashni bilmaydi. Mashg‘ulotda ularni to‘xtatish qiyin, aynan shu qat’iyat, shu mashaqqatli tayyorgarlik ularning chidamlilik darajasini osmonga chiqargan,” — deya ta’kidladi Jo Rogan.

Uning ta’kidlashicha, bu sportchilarning kun tartibida hech qanday chalg‘ituvchi omil yo‘q. Ularda nihoyatda aniq hayot tarzi shakllangan — unda faqat mashg‘ulot, to‘g‘ri ovqatlanish va yetarli dam olish bor. Boshqalar vaqtni ijtimoiy tarmoqlar, o‘yinlar va ko‘ngilochar ishlarga sarflayotgan bir paytda, Dog‘istonning bu ikki vakili faqat yuqori maqsad sari intilib, jismoniy va aqliy jihatdan kamolga yetishni maqsad qilgan.

"Qizlar, telefonlar, video o‘yinlar yoki boshqa chalg‘itadigan narsalar yo‘q. Ularning kun tartibi – ovqat, dam olish va mashg‘ulot. Shu sabab Islom ham, Xabib ham hamon ajoyib sport formasida", – dedi Rogan o‘z podkastida.

Eslatib o‘tamiz, Islom Maxachev oxirgi UFC jangida raqibi — braziliyalik Renato Moykanoni birinchi raundning o‘zidayoq sabmishn orqali mag‘lub etib, jangni erta yakunlashga erishgandi. Bu natija ham uning yuqori saviyadagi tayyorgarligi va taktik ustunligining yana bir isboti bo‘ldi.

Hozirda ham Xabib, ham Islom butun dunyoda millionlab MMA ixlosmandlariga ilhom baxshida etib, yosh sportchilar uchun real namunaga aylangan. Jo Roganning ta’kidicha, bu ikki jangchi boshqalarga nafaqat g‘alaba, balki sport etikasi va hayotdagi to‘g‘ri yo‘lni ham o‘rgatmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jo Rogan sirni ochdi: Nurmagomedov va Maxachevni MMAda tengsiz qilgan omil nima?