
Rossiya futbolida o‘zini ko‘rsatayotgan o‘zbek iqtidori, yosh va mahoratli futbolchi Abbosbek Fayzullayev uchun 2024/25 yilgi mavsum o‘zgacha va esda qolarli kechmoqda. "Paxtakor"dan Moskva klubi SSKA safiga ko‘chib o‘tgan hamyurtimiz ayni paytda o‘zining legioner sifatidagi ilk katta sovrinini qo‘lga kiritish arafasida turibdi.
Yangi mavsumning birinchi qismida ko‘ngildagidek natijalar qayd eta olmagan "armiyachilar" dekabr oyida serbiyalik murabbiy Marko Nikolichni bosh murabbiy etib tayinlagan edi. Nikolich qishki tanaffus paytida jamoaning o‘yin uslubini tubdan o‘zgartirdi. Xususan, klub taktik jihatdan murakkab va faol harakat talab qiluvchi "romb" sxemasiga o‘tkazildi.
Bu taktik o‘zgarishda asosiy mas’uliyat aynan Abbosbek Fayzullayev zimmasiga yuklandi. Avvallari ko‘proq qanot hujumchisi sifatida ko‘rinish bergan o‘zbekistonlik yosh futbolchi, endi maydon markazida ham hujum tashkil qilish, ham himoyaga yordam berish kabi bir nechta vazifalarni bir vaqtda bajarmoqda. Bu rol jismoniy chidamlilik va yuqori ish qobiliyatini talab etadi.
Marko Nikolich ushbu muhim va murakkab vazifani aynan Abbosbekka topshirish sababini maxsus testlarda hamyurtimiz eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishgani bilan izohladi. Tajribali serbiyalik murabbiyning bu tanlovi o‘zini to‘la oqladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Haqiqatan ham, yangicha sxemadagi o‘zgarishlar jamoa natijalariga tezda ijobiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Chempionatning birinchi qismini oltinchi o‘rinda yakunlagan SSKA keyingi bosqichda yuqori samaradorlik ko‘rsatib, ketma-ket o‘n uchrashuvdan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti. Ushbu muvaffaqiyatli seriya natijasida jamoa kuchli uchlikdan joy oldi. Mart oyidan beri moskvaliklar yettita g‘alaba va uchta durangga erishdi.
Bundan tashqari, SSKA Rossiya kubogida ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Superfinalga chiqish uchun kurashda moskvaliklarga amaldagi chempion va kubok sohibi "Zenit" raqiblik qildi. Birinchi uchrashuvda 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lganiga qaramasdan, javob uchrashuvida SSKA futbolchilari yuqori mahorat va irodani namoyish etib, raqiblarini xuddi shu hisobda mag‘lub etdi. Jarima zarbalari seriyasida ham omad SSKA tomonida bo‘ldi va shu tariqa jamoa Superfinalga chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
Uchrashuvdan keyin jurnalistlar bilan muloqotda Abbosbek Fayzullayev bugungi o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
«Ko‘pchilik bugungi o‘yinni SSKAning mavsumdagi eng kuchli o‘yini, deya baholayapti. Ha, men ham bu fikrga qo‘shilaman. Lekin menimcha, biz mavsumdagi eng yaxshi o‘yinimizni Superfinalda ko‘rsatamiz. Bu kabi muhitni tasvirlashga so‘z ojiz», — dedi Abbosbek.
Shu bilan birga, Abbosbek o‘z muxlislariga alohida minnatdorlik bildirib, ularning qo‘llab-quvvatlashi va ishonchi jamoaga katta kuch bag‘ishlayotganini ta’kidladi.
Yosh o‘zbek legioneri bu mavsum Rossiya chempionati va kubogida 36 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol va 7 ta assist qayd etgan. Albatta, yangi pozitsiyaga o‘tganidan keyin uning shaxsiy statistikasida biroz pasayish kuzatildi, ammo bosh murabbiy Nikolich bu vaziyat vaqtinchalik ekanini, Abbosbek yangi ampluaga to‘liq moslashib olgach, uning gollari va golli uzatmalari soni sezilarli darajada ko‘payishini aytmoqda.
Rossiya kubogining hal qiluvchi Superfinali 1 iyun kuni Moskvadagi afsonaviy "Lujniki" stadionida o‘tkaziladi. SSKA futbolchilari bu bahsda «Rostov» va «Spartak» o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan ikkinchi yarim final g‘olibi bilan to‘qnash keladi.
Zamin.uz tahririyati Abbosbek Fayzullayev va SSKA klubiga mazkur tarixiy bahsda muvaffaqiyat tilaydi hamda o‘zbek futboli iqtidorlarining Yevropa arenalarida yangi cho‘qqilarni zabt etishiga ishonadi!
Abbosbek FayzullayevRossiya futboliPaxtakor klubiSSKA MoskvaSuperfinalYosh futbolchi O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar