
Jahon chempionati–2026 saralash bosqichining yakuniy turida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston – Qatar uchrashuvi oldidan terma jamoamizning sobiq bosh murabbiyi Srechko Katanes poytaxtimizga yetib keldi. Sloveniyalik mutaxassis bellashuvni “Bunyodkor” stadionidan bevosita tomosha qiladi.
O‘zbekiston futbol jamoasi uchun muhim iz qoldirgan, salohiyatli mutaxassislardan biri sifatida e’tirof etiladigan Katanes ayni paytda Toshkentda bo‘lib turibdi. U sobiq shogirdlarining Qatarga qarshi o‘yinini to‘g‘ridan to‘g‘ri stadiondan kuzatishi bu uchrashuvga bo‘lgan qiziqish va ehtiromdan dalolat beradi.
2021–2024 yillar oralig‘ida “Oq bo‘rilar” bosh murabbiyi bo‘lgan Katanes o‘zbek futbolida muhim iz qoldirdi. Uning rahbarligida terma jamoa 42 ta rasmiy uchrashuvda maydonga tushib, shundan 26 tasida g‘alaba qozondi, 8 uchrashuvda durang qayd etildi va faqat 8 marta mag‘lubiyatga uchradi. Ushbu davr mobaynida jamoa raqiblar darvozasiga 83 ta gol urib, o‘z darvozasidan 38 ta to‘p o‘tkazib yubordi.
Katanes 2024 yil boshida sog‘ligi bilan bog‘liq muammolar tufayli O‘zbekiston terma jamoasi bilan xayrlashgan edi. Shunga qaramay, uning milliy jamoada qoldirgan ta’siri va olib kelgan intizomi muxlislar, mutaxassislar va futbolchilar tomonidan hamon e’tirof etiladi.
Uning mehnatlari yuqori baholandi — BAAga qarshi hal qiluvchi o‘yindan so‘ng O‘zbekiston jahon chempionatiga chiqishni kafolatladi va shu munosabat bilan mamlakatimiz Prezidentining Farmoniga asosan Srechko Katanes “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Ayni paytda Toshkentda bo‘lib turgan Katanes uchun bu safargi tashrif shaxsiy ramziy ahamiyatga ega. U avvalgi shogirdlarining qanday natija qayd etishini jonli tomosha qilish orqali kuzatmoqchi. Uning stadiondagi ishtiroki futbolchilar uchun ham, muxlislar uchun ham ruhiy ko‘mak bo‘lishi mumkin.
Futbol muhlislari esa nafaqat o‘yin natijasini, balki Katanetsning ehtimoliy bayonotlarini ham qiziqish bilan kutmoqda. U o‘zbekistonlik muxlislar qalbida doim murabbiy emas, balki haqiqiy do‘st sifatida qolmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing