date

Ko‘JCHda o‘zbek hakamlari: Ilg‘or o‘yinlar va burchakda Ilgiz Tantashev

Ko‘JCHda o‘zbek hakamlari: Ilg‘or o‘yinlar va burchakda Ilgiz Tantashev
Amerika Qo‘shma Shtatlarida futbol olami yana bir bor diqqat markazida — klublar o‘rtasidagi jahon chempionati qizg‘in pallaga kirgan. Kun sayin keskinlashib borayotgan bellashuvlar muxlislarni butun dunyo bo‘ylab ekranlarga qadalishga majbur qilmoqda.

Guruh bosqichining so‘nggi o‘yinlaridan biri — “C” guruhi doirasida “Boka Xuniors” hamda “Benfika” jamoalari o‘rtasidagi dramatik to‘qnashuv bo‘ldi. Bu ikki grand klub o‘rtasidagi uchrashuv keskin va murosasiz tarzda kechib, 2:2 hisobida durang bilan yakunlandi. Meksikalik bosh hakam Sesar Ramos tomonidan o‘yin davomida 3 ta qizil kartochka ko‘rsatilgani bellashuvning qay darajada keskin bo‘lganidan dalolat beradi.

Natijada, kechagi yirik g‘alaba evaziga “Bavariya” 3 ochko bilan “C” guruhi peshqadamiga aylandi. “Boka Xuniors” va “Benfika” esa durang natijasi evaziga 1 tadan ochko yig‘ib, 2-3 o‘rinni bo‘lishib turibdi. “Oklend Siti” esa hozircha ochkosiz qolmoqda.

“D” guruhida ham katta qiziqish uyg‘otgan o‘yinlar bo‘lib o‘tdi. “Chelsi” “Los-Anjeles” ustidan 2:0 hisobida ishonchli g‘alaba qozongan bo‘lsa, “Flamengo” ham “Esperans”ni xuddi shu hisobda mag‘lub etdi. Har ikki g‘olib jamoa 3 ochkodan jamg‘argan holda 1-2 o‘rinlarda qayd etildi.

Bugun, 17-iyun kuni futbol ishqibozlari uchun yana bir muhim bahs — “F” guruhidan o‘rin olgan “Fluminense” – “Borussiya Dortmund” uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bellashuv soat 21:00 da start oladi va uni o‘zbekistonlik tajribali hakam Ilgiz Tantashev boshqaradi. Unga qanotlarda Andrey Sapenko va Timur Gaynullin yordam beradi. Bu nafaqat hakam uchun, balki yurtimiz futbol hakamchiligi uchun ham yuksak darajadagi tajriba sanaladi.

Guruhning ikkinchi o‘yini — “Ulsan” va “Mamelodi Sandaunz” jamoalari o‘rtasida 18-iyun kuni soat 03:00 da boshlanadi.

Ertangi kun, 18-iyun, ham o‘zgacha ahamiyatga ega. “E” guruhida “River Pleyt” – “Urava Red Daymonds” (00:00), “Monterrey” – “Inter” (06:00) uchrashuvlari o‘tkaziladi. “G” guruhida esa yurtimiz vakili Abduqodir Husanov jamoasi — “Manchester Siti” “Vidad” klubiga qarshi maydonga tushadi. Bu bellashuv ham soat 21:00 da start oladi.

Har bir uchrashuv nafaqat ochkolar, balki kelajakdagi pley-off masalasida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib, chempionatning qay darajada keskin va intrigaga boy kechayotganini ko‘rsatib turibdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ko‘JCHda o‘zbek hakamlari: Ilg‘or o‘yinlar va burchakda Ilgiz Tantashev