
Lionel Messi 2026 yilda AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida o‘tadigan jahon chempionatiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishni boshladi, deb xabar berdi goal.com. Argentina termasining afsonasi bo‘lgan 38 yoshli futbolchi yuqori saviyada o‘ynashda davom etishi uchun muntazam o‘yin amaliyoti va jismoniy holatini saqlashni o‘zi uchun asosiy vazifa deb biladi.
So‘nggi paytlarda xalqaro ommaviy axborot vositalarida Messi o‘z kelajagini Yevropaning kuchli klublaridan biri bilan bog‘lashi mumkinligi haqida turli taxminlar paydo bo‘ldi. Biroq, ishonchli manbalar futbolchining “Inter Mayami” safida faoliyatini davom ettirish niyatida ekanini tasdiqlamoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sakkiz marta “Oltin to‘p” sohibi bo‘lgan Messi 31 dekabr kuni yakun topadigan shartnomani yana bir mavsumga uzaytirish bo‘yicha muzokaralarni boshlab yuborgan. Jurnalist Gaston Edulning ta’kidlashicha, argentinalik yulduz kelajak rejalarini aynan “Inter Mayami” bilan bog‘lashga qaror qilgan va klub rahbariyati bilan tuzilgan kelishuvni uzaytirish yuzasidan faol muloqot olib bormoqda.
Tomonlar o‘rtasidagi dastlabki muzokaralarda shartnomani yana bir yilga uzaytirish taklif qilingani qayd etilmoqda. Eslatib o‘tamiz, Lionel Messi 2023 yil yozida Yevropadagi faoliyatini yakunlab, AQSHning “Inter Mayami” klubi taklifini qabul qilgan edi. Shu vaqtdan buyon Messi jamoadagi yetakchi futbolchilardan biriga aylandi va yangi muhitda o‘zini aniq namoyon qilishga erishdi.
Shuningdek, Messiga bir necha Yevropaning yetakchi klublari va boshqa qit’alardan qiziqish bo‘lgani haqida ham xabarlar tarqalgan. Biroq, futbolchi katta ehtimol bilan AQSHda qolish va milliy terma jamoa bilan 2026 yilgi mundialga hozirlikni asosiy maqsad sifatida belgilagan.
Messi uchun AQSH futbolidagi faoliyati yangi bosqichga o‘tayotgan bir pallada, uning tayyorgarligi, intizomi va yetakchilik qobiliyati xalqaro sport ekspertlari tomonidan yuqori baholanmoqda. Jahon chempionatigacha bo‘lgan vaqtda argentinalik yulduz uchun yangi imkoniyatlar va sinovlar kutilyapti. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar