Messi va Ronaldudan qaysi biri muhim gollarni ko‘proq kiritishi o‘rganib chiqildi

Buyuk Britaniyada chop etiladigan The Economist nashri Messi yoki Ronaldudan qaysi birining gollari jamoaga ko‘proq foyda keltirishi va g‘alaba qozonishda yordam berishini bilish maqsadida butun bir statistik tadqiqot o‘tkazdi.
Tadqiqotga SoccerStatistically.com saytining Expected Points Added (EPA) ko‘rsatkichi orqali gollarning muhimligini aniqlaydigan metodikasi, ya’ni kiritilgan to‘pning o‘yinning natijasiga ta’siri asos qilib olingan. EPA ko‘rsatkichi beysbolda ishlatilgan bo‘lib, Angliya prem’er ligasida 2001-2013 yillarda o‘tkazilgan o‘yinlar bo‘yicha ma’lumotlar bazasi yordamida futbolga moslashtirilgan.
Bunda SoccerStatistically.com tahlilchisi Excel dasturida 4000 ta o‘yin bo‘yicha barcha statistik ma’lumotlarni kiritib, maxsus dastur yaratdi. Bu dastur yordamida biror jamoaning o‘yinning istalgan vaqtida g‘alaba va durangga erishishi yoki mag‘lubiyatga uchrashi ehtimolini o‘yin o‘tkazilayotgan joy (o‘z uyidami yoki mehmondami), o‘yin oxirigacha qolgan vaqt hamda joriy hisobni inobatga olgan holda aniqlash mumkin bo‘ladi. Agar golgacha va goldan keyingi bu foizdagi nisbatlarni solishtirib, ularni oddiy futbol ochkolariga o‘tkazilsa, unda har bir kiritilgan golning qimmatini (yoki, dasturni ishlab chiquvchi tili bilan aytganda “kutilayotgan natijaning o‘zgarishini”) aniqlash mumkin bo‘ladi.
Misol uchun, 1:1 hisobda o‘yining 90-daqiqasida maydon egalarining g‘alaba qozonishi 11 foiz, durang natijaga erishishi 82 foiz miqdorida baholanadi, mezbon jamoaning kutilayotgan natijasi 1,13 ochkoni tashkil qiladi. Kiritilgan yana bitta to‘p barcha natijalarni keskin o‘zgartiradi: mezbonlarning g‘alabaga erishish ehtimoli 95 foizga, kutilayotgan natija esa 2,89 ochkoga ko‘tarilib ketadi. Ikki holatdagi kutilayotgan natijalar orasidagi 1,76 ochkolik farq golning qimmatini anglatadi.
The Economist nashri ushbu metodika bo‘yicha 2013-2014 yillardagi mavsumda o‘tkazilgan Ispaniya chempionati, Chempionlar ligasi va jahon chempionatidagi Messi va Ronaldu kiritgan har bitta golni tahlil qilib chiqdi va natijada Messi Ronaldudan ko‘ra ko‘proq muhim gollar kiritgani ma’lum bo‘ldi.
Portugaliyalik superyulduz yuqoridagi keltirilgan uchta musobaqada jami 105 ta gol kiritdi hamda “Real” va Portugaliya terma jamoasiga “41,6 ochkolik EPA” keltirdi, ya’ni u kiritgan har bir golning o‘rtacha qimmati “0,40 EPA”ga teng bo‘ldi.
Messi esa bu musobaqalarda 86 ta gol kiritib, “Barselona” va Argentina terma jamoasiga “40,3 ochkolik EPA” keltirdi, ya’ni u kiritgan har bir golning o‘rtacha qimmati “0,47 EPA”ga teng bo‘ldi.
Messi Ronaldudan ko‘ra 18 foizga kam gol urgan, biroq uning gollari 17,5 foizga qimmatliroq bo‘lgan.

Krishtianuning 2013/14 yillardagi Chempionlar Ligasi yarimfinali va finalida kiritgan uchta goli ham bu vaziyatda yordam bera olmadi. Bu gollarning barchasi o‘yinlar natijalari nima bilan tugashi deyarli ayon bo‘lganda kiritilgan hamda yig‘indida Ronalduga “0,30 EPA” keltirgan. Messi o‘yinlarning oxirgi 15-20 daqiqasida kiritgan 5 ta hal qiluvchi goli hisobiga bu boradagi o‘z ko‘rsatkichlarini oshirishga erishgan.
Kiritilgan gollarning qimmatliligini aniqlashning ikkinchi usuli yanada aniqroq hisoblanadi. Unda asosiy metodika saqlanib qoladi, biroq hisoblashlarning oxirida EPA ko‘rsatkichi TV-auditoriyaning ko‘lami bilan aniqlanadigan o‘yinning mavqeini bildiruvchi koeffisientga ko‘paytiriladi. Ispaniya chempionati va Chempionlar ligasi guruh bosqichi o‘yinlari standart koeffisient 1,0 bilan, El-klasiko esa ikki barobar ko‘proq koeffisient bilan belgilanadi. Chempionlar ligasi pley-off o‘yinlariga to‘g‘ri keladigan koeffisientlar borgan sari oshib boraveradi: birinchi bosqichdagi 1,50 dan finaldagi 2,91 gacha.
O‘yinlar mavqei koeffisienti qo‘shilganda Messining bu boradagi ko‘rsatkichi yanada kattaroq ko‘rinish oldi, ya’ni Ronaldu 50,4 EPA (har bir golga o‘rtacha – 0,48) ga, Messi esa 59,5 EPA (har bir golga o‘rtacha – 0,69) ko‘rsatkichga ega bo‘ldi.
Manba: www.kun.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing