Angliyaning “Manchester Siti” klubi 2025/26 yilgi mavsum arafasida tub islohotlar va muhim o‘zgarishlar sari qadam tashlamoqda. Jamoa bosh murabbiyi Xosep Gvardiola o‘zining yangi loyihasini amalga oshirish maqsadida klubni taniqli yulduzlardan xoli etib, uni tetik va yangi qiyofada qayta shakllantirishga kirishdi.
Bu jarayonda “shaharliklar” uchta muhim strategik yo‘nalishni belgilab olgani haqida gap ketmoqda. Bu haqda ingliz matbuotida taniqli insayder David Ornshteyn tomonidan tarqatilgan ma’lumotlar klub atrofidagi qiziqishni yanada oshirdi.
Birinchi navbatda transfer bozorida faol harakatlar kuzatilyapti. Bu jarayon joriy yilning qishki oylaridayoq o‘zbek futbolchisi Abduqodir Husanovning “Siti”ga qo‘shilishi bilan boshlandi. 20 yanvardan buyon klub tarkibiga yana Niko Gonsales, Juma Ba, Umar Marmush, Vitor Reys, Tijani Reynders, Rayan Ayt-Nuri, Rayan Sherki, Serre Nyupan va Jeyms Trafford kabi umidli ijrochilar kelib qo‘shildi. Bu esa jamoaning kelajak uchun puxta rejalar qilayotganidan darak beradi.
Ikkinchi strategik yo‘nalish esa jamoada yoshi ulug‘ futbolchilar bilan xayrlashishdan iborat. Klubning sobiq yetakchilari – Kevin de Bryuyne, Skott Karson va Kayl Uoker allaqachon jamoani tark etgan. Shu bois, klub yozgi transferlar oynasi yopilguniga qadar yana bir necha taniqli nomlar bilan xayrlashishi ehtimoldan xoli emas.
Uchinchi va eng muhim yo‘nalish – jamoada ishonchli va asosiy o‘rin tutayotgan futbolchilar bilan yangi shartnomalarni imzolashga qaratilgan. Bu jarayonning ilk qahramoni sifatida portugaliyalik markaziy himoyachi Ruben Diash tanlandi. Klub uning mavjud bitimini yangilash uchun harakatga kirishdi va o‘z yetakchisiga uzoq muddatli shartnoma taklif qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 28 yoshli himoyachi Diash klubning yangi loyihasida markaziy o‘rin tutishi kutilmoqda. Uning jamoadagi faoliyati 2020 yildan boshlanadi va “Siti” bu transfer uchun “Benfika”ga 71,6 million yevro to‘lagan edi.
Hozirda markaziy himoya chizig‘ida juda qattiq raqobat yuzaga kelgan. Bu pozitsiya uchun Ruben Diash, Abduqodir Husanov, Manuel Akanji, Yoshko Gvardiol, Jon Stounz va Natan Ake nomzod sifatida ko‘rilmoqda. E’tiborlisi, Diash va Husanov o‘rtasida do‘stona munosabat shakllangan bo‘lsa-da, ular asosiy tarkib uchun o‘ta jiddiy raqobatda turishmoqda.
Gvardiolaning strategiyasiga qaraganda, yoshlar bilan tajriba muvozanati saqlanayotgani ko‘rinadi. Bu esa “Manchester Siti”ning nafaqat yangi mavsum, balki kelgusi bir necha yillik rejalarida ham muvaffaqiyat sari intilishini ko‘rsatadi.
Muxlislar uchun esa eng qizig‘i – Abduqodir Husanovning Gvardiola qo‘lida qanday o‘sishi va jamoada o‘z o‘rnini topa olishidir. Ko‘ramiz, portugal yulduzlarining yonida o‘zbek himoyachisi qanday qadam tashlaydi? Yangi mavsum bunga javob beradi.
"Siti" yangi davrga tayyorlanmoqda: Diash qoladi, Husanov raqobatda
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar