O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonini Ispaniyada davom ettirmoqda. Bu yig‘in doirasidagi ilk nazorat uchrashuvida vakillarimiz Angliya U-17 jamoasiga qarshi maydonga tushib, 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Bellashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston U-17 bosh murabbiyi Islombek Ismoilov o‘yin xulosalari bilan o‘rtoqlashdi. Uning aytishicha, bu bahs o‘smirlarimiz uchun katta tajriba vazifasini bajardi.
— Angliya qaysi yosh toifasida bo‘lmasin, har doim dunyoning yetakchi terma jamoalaridan biri sifatida maydonga tushadi. Ular pressing, tezkorlik va to‘p bilan ishlashda bizdan ancha ustun harakat qilishdi. Shunga qaramay, yigitlarim oxirgi daqiqagacha kurashdan chekinmadi. Ayrim holatlarda yaxshi kombinatsiyalar tuzdik, to‘p ustidan nazoratni saqlashga va hujumga o‘tishga muvaffaq bo‘ldik. Ammo xatolar ham yo‘q emas, ayniqsa, pressingdan chiqishda va himoya chizig‘ida xato qildik. Bunday darajadagi raqibga qarshi kichik xatoning o‘zi katta oqibatlarga olib kelishi aniq. Shuningdek, umumiy hisobda futbolchilarim ko‘rsatgan o‘yindan roziman. Eng asosiy jihati — ular raqib kim ekanligidan qat’i nazar, hujumkor futbol o‘ynashga intilishdi, — dedi murabbiy.
Ma’lumot o‘rnida, o‘smirlarimiz yig‘in doirasidagi keyingi uchrashuvini 6-sentyabr kuni Kanada U-17 jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!