Ma’lumki, Angliyaning Liverpul shahrida World Boxing shafeligida ilk bor kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Jahon chempionati qizg‘in pallaga kirgan.
Hozirgina ringda navbatdagi bahs o‘z yakuniga yetdi. Ushbu bellashuvda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Sitora Turdibekova -60 kg vazn toifasida ukrainalik raqibi Tetiana Dovxalga qarshi kurash olib bordi. Qizg‘in va murosasiz o‘tgan jang yakunida hamyurtimiz 4:1 hisobida ustunlikka erishib, muxlislarni quvontirdi.
Sitoraning bu g‘alabasi nafaqat shaxsiy yutuq, balki O‘zbekiston ayollar boksi taraqqiyotining yana bir yorqin namunasi sifatida qayd etildi. Jang davomida Turdibekova o‘zining mahorat va irodasini namoyish qilib, raqibning tajribali zarbalarini bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, boks muxlislari uchun kecha yakunlanmagan — ularni yana qiziqarli to‘qnashuvlar kutmoqda. Jumladan, yurtdoshimiz Oltinoy Sotimboyeva ham ukrainalik Maria Lovchinskaga qarshi jangga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Turnirning bugungi kungi dasturida o‘zbekistonlik sportchilarning birin-ketin g‘alabalari muxlislarga quvonch bag‘ishlab, milliy termamizning imkoniyatlari keng ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!