O‘zbekiston Kubogi yarim finalida «Paxtakor» va «Dinamo» o‘rtasidagi dramatik to‘qnashuv 0:0 hisobida yakunlanib, g‘olib penaltilar seriyasi orqali aniqlandi. Oxir-oqibat «sherlar» hal qiluvchi zarbalarda ustun kelib, finalga yo‘l oldi. Samarqandliklar bosh murabbiyi Vadim Abramov bahsdan keyin matbuot anjumanida qatnashib, uchrashuv va jamoa holati haqida batafsil fikr bildirdi.
«Hisob ochilmagan bo‘lsa ham, o‘yin muxlislar uchun juda qiziqarli bo‘ldi deb o‘ylayman. Birinchi bo‘limda yomon harakat qilmadik, ammo ikkinchi bo‘limda o‘yinimiz pasaydi. Keyin esa «Paxtakor»ning "klass"i va tajribasi o‘z so‘zini aytdi. Penaltilar seriyasida raqib yaxshiroq harakat qildi, biz esa «lotereya»da xato qildik. Shunga qaramay, yigitlarimdan minnatdorman – ular kuchli raqibga qarshi oxirigacha kurashdi», – dedi Abramov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mag‘lubiyatni qanday yo‘l bilan qabul qilishning farqi yo‘q: «Asosiy vaqtda yoki qo‘shimcha bo‘limlarda yutqazib qo‘yganimizda ham natija o‘zgarmas edi. Tarixda «Paxtakor» yarim finalda «Dinamo»ni yenggani qoladi, xolos. Biz uchun esa bu – o‘tmish. Endi Superliga bahslariga tayyorgarlik ko‘ramiz. Hali mavsum yakuniga qadar 9ta o‘yinimiz bor va barchasi o‘z qo‘limizda».
Abramov jamoaning ketma-ket mag‘lubiyatlaridan keyingi ruhiy ahvoliga ham to‘xtalib o‘tdi: «Har bir raqibni jiddiy qabul qilishimiz kerak. Aks holda mavsum biz uchun omadsiz kechadi. Professionallik shunday vaziyatlarda sinovdan o‘tadi. Biz hali ham kurashdamiz va yo‘ldan qaytmaymiz».
Penaltilar masalasiga alohida e’tibor qaratgan murabbiy: «Bu faqat o‘zbek futbolchilariga tegishli muammo emas. Marko ham bugun gol ura olmadi. Penalti – katta bosim ostidagi jarayon. Dunyo yulduzlari ham – Badjo, Messi – shunday holatlarni boshdan kechirgan. Mashg‘ulotlardagi muvaffaqiyat maydonda ham takrorlanadi degan qoida yo‘q. Shu sababli bunday vaziyatlarda xato qilish tabiiy», – deya ta’kidladi u.
Murabbiyning fikricha, «Dinamo» Superligada hali imkoniyatlardan mahrum emas. U jamoa oldidagi o‘yinlarda kuchli raqobat ko‘rsata olishiga ishonch bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!