Misrning "Yalla Kore" nashri xabar berishicha, noyabr oyida Dubay shahrida xalqaro darajadagi qiziqarli o‘rtoqlik turniri tashkil etiladi.
Manbaga ko‘ra, musobaqada to‘rtta terma jamoa ishtirok etadi — ular quyidagilar: Eron, Misr, O‘zbekiston va Kabo-Verde. Turnir noyabr oyidagi FIFA kunlari (10–18-noyabr) doirasida o‘tkazilishi belgilangan.
Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, barcha jamoalar bilan shartnomalar imzolangan va musobaqa jadvali ham aniqlangan. Dastlabki o‘yinda Eron va Kabo-Verde termalari o‘zaro to‘qnash keladi. Shu kuni ikkinchi uchrashuvda O‘zbekiston terma jamoasi Misrga qarshi maydonga tushadi.
Bellashuv g‘oliblari final yo‘llanmasi uchun kurashadi, mag‘lub bo‘lgan jamoalar esa 3-o‘rin uchun bahs olib boradi.
Bu turnir termalar uchun Jahon chempionati saralash bosqichi oldidan muhim sinov bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda. Shuningdek, Dubaydagi musobaqa futbolchilarga xalqaro tajriba to‘plash, yangi taktik yechimlarni sinovdan o‘tkazish va jamoaviy uyg‘unlikni mustahkamlash imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi Fabio Kannavaro boshchiligida so‘nggi o‘rtoqlik bahslarida ijobiy natijalar qayd etib, yuqori kayfiyatda bo‘lib turibdi. Dubaydagi turnir esa yangi murabbiy uchun xalqaro maydondagi navbatdagi sinov bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!