date

Ravshan Haydarov "JCH-2026" qur’asi haqida fikr bildirdi

Ravshan Haydarov "JCH-2026" qur’asi haqida fikr bildirdi

Yaqinda AQSHda bo‘lib o‘tgan “JCH-2026” qur’a tashlash marosimi nafaqat futbol olamida, balki yurtimizda ham katta qiziqish uyg‘otdi. Milliy terma jamoamizning qaysi raqiblarga duch kelishi muxlislar tomonidan hayajon bilan kuzatildi. Yillar davomida yoshlar terma jamoamizda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan tajribali mutaxassis Ravshan Haydarov “Sports.uz” sayti orqali qur’a natijalari va guruhimizning imkoniyatlari haqida batafsil fikr bildirdi.

Haydarovga ko‘ra, marosim o‘ziga xos uslubda tashkil etilgan va barcha ishtirokchilarda katta intriga uyg‘otgan. Uning aytishicha, birinchi savatdan qaysi jamoa raqib bo‘lishidan qat’i nazar, baribir kuchli terma tushishi aniq edi. Ko‘plar mezbonlardan birini raqib sifatida xohlagan bo‘lsalar-da, qur’a natijasi obyektiv va real baholanishi kerak.

Uning fikricha, O‘zbekiston juda ham mos, o‘ynash mumkin bo‘lgan, kurash imkonini beruvchi guruhga tushgan. Portugaliya – yuqori saviyali, eng kuchli termalardan biri. Kolumbiya ham ancha kuchli raqib sifatida yillar davomida o‘z nomini saqlab kelmoqda. To‘rtinchi jamoa nomi aniq bo‘lgach, tahlil yanada ravshanlashadi, ammo jahon chempionatida “kuchsiz raqib” degan tushuncha umuman mavjud emas.

Haydarov ta’kidlaganidek, mundialga boradigan har bir futbolchi maksimal ishtiyoq bilan maydonga tushadi, bu esa o‘yinlarni yanada keskin va dramatik qiladi. Shu bois, O‘zbekiston ham raqiblarni chuqur o‘rganishi, ularga mos o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil etishi lozim. Bu borada murabbiylar shtabi allaqachon zarur ishlarga kirishgan.

Uning ta’kidlashicha, jamoaning oxirgi yillardagi saviyasi oshgani, Misr va Eronga qarshi o‘yinlardagi barqarorlik shunga yaqqol misol. “Hamma bilan o‘ynashga kuchimiz yetadi. Eng muhimi – mundialga yaxshi formada, sog‘lom tarkib bilan borish”, – deydi mutaxassis.

Qur’a haqidagi savolga javoban u: “Guruhimiz mutlaq me’yorda. Hatto bundan ham qiyini chiqishi mumkin edi. Biz raqobat qila oladigan raqiblar bilan o‘ynaymiz”, – deb ma’lum qildi.

Fabio Kannavaro haqidagi birinchi taassurotlariga to‘xtalar ekan, Haydarov jamoadagi kayfiyat ijobiy tomonga o‘zgarayotganini qayd etdi. Unga ko‘ra, futbolchilar yangi murabbiylar shtabi oldida o‘zini ko‘rsatish uchun yanada kuchli ishtiyoq bilan harakat qilmoqda. Taktik o‘zgarishlar hozircha katta emas, ammo jamoaning ruhiy tayyorgarligi sezilarli darajada ko‘tarilgan.

Mutaxassis fikriga ko‘ra, Kannavaro kabi tajribali murabbiylar har bir raqib uchun alohida taktik yo‘nalish ishlab chiqishga qodir. “Bu biz uchun juda muhim. Yangi g‘oyalar va zamonaviy yondashuvlar terma jamoaning saviyasini yanada oshiradi”, – dedi Haydarov.

Yigitlarning maqsadi esa aniq: guruhdan muvaffaqiyatli chiqish va tarixiy natija qayd etish.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Ravshan Haydarov "JCH-2026" qur’asi haqida fikr bildirdi