
Bugun, 19 dekabr kuni Qirg‘izistonda 2025 yilning eng yaxshi futbolchisi nomi ma’lum bo‘ldi. Ushbu nufuzli sovrin mamlakat milliy terma jamoasining asosiy darvozaboni Erjan Tokotayevga nasib etdi. 25 yoshli posbon KFU Football Awards marosimida g‘olib sifatida e’tirof etilib, mukofotni tantanali ravishda qabul qilib oldi.
Tokotayev so‘nggi yillarda Qirg‘iziston futbolining eng barqaror va ishonchli o‘yinchilaridan biriga aylanib ulgurdi. Uning maydondagi xotirjamligi, reflekslari va hal qiluvchi seyvlari nafaqat terma jamoa, balki klub darajasida ham yuqori baholanmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Erjan Tokotayev O‘zbekiston Superligasida ishtirok etuvchi «Andijon» klubi darvozaboni hisoblanadi. Yakunlangan mavsumda u chempionat doirasida 12 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Shu o‘yinlarda faqat bir bor o‘z darvozasini daxlsiz saqlab qolgan bo‘lsa-da, ko‘plab bahslarda jamoasini qiyin vaziyatlardan olib chiqqan.
Afsuski, mavsum Tokotayev uchun og‘ir tugadi. U «Qizilqum»ga qarshi o‘yinda jiddiy jarohat olib, chempionat oxirigacha safdan chiqib ketdi. Shunga qaramasdan, uning yil davomidagi mehnati va o‘yin sifati mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
Qisqasi, Erjan Tokotayev uchun bu sovrin — sabr, mehnat va professionallikning natijasi. Jarohatdan so‘ng u yanada kuchliroq qaytishiga muxlislar shubha qilmayapti.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.