Manening ushbu so‘zlari jamoani maydonga qaytardi: Senegal chempion bo‘ldi

Senegal terma jamoasi vingeri Sadio Mane Marokash terma jamoasiga qarshi Afrika Kubogi finalida (1:0) faqat maydonda emas, balki maydon tashqarisida ham o‘yin taqdirini hal qilgan asosiy qahramonlardan biriga aylandi. Finalning keskin va asabni qitiqlaydigan lahzalarida jamoani bir joyga jamlay olish ham ko‘p narsani anglatadi — Mane aynan shuni namoyon qildi.
Bahs davomida Senegal darvozasi tomon bahsli penalti belgilangach, jamoa bosh murabbiyi Pap Tiav hakkam qaroriga keskin norozilik bildirib, futbolchilarini maydondan olib chiqib ketishga qaror qildi. O‘sha paytda vaziyat juda “portlash” arafasida edi: final, bosim, adolatsizdek tuyulgan qaror — hammasi bir nuqtada to‘planib qolgan.
Shu noqulay soniyalarda tashabbusni Sadio Mane o‘z qo‘liga oldi. Terma jamoa yetakchisi jamoadoshlariga hissiyot bilan murojaat qildi, ularni sovuqqonlikka chaqirdi va eng muhimi — o‘yinga qaytishga ko‘ndirdi. “Foot Mercato” ma’lum qilishicha, Mane o‘sha paytda qisqa, lekin juda o‘tkir ma’noli gapni aytgan:
Biz erkaklardek o‘ynaymiz!
Bu so‘zlar senegalliklar uchun signal bo‘ldi: jamoa qayta maydonga chiqdi, finalni davom ettirdi. Va o‘sha penaltida Marokash futbolchisi Braim Dias 11 metrli zarbadan foydalana olmadi. U “panenka” uslubini tanladi, ammo to‘p to‘g‘ridan to‘g‘ri darvozabon Eduar Mendi qo‘liga borib tushdi. Bir lahza — va o‘yin ruhi butunlay o‘zgardi.
Shundan keyin Senegal yanada ishonchli harakat qildi. Omad ham qo‘shimcha vaqtda aynan ular tomonga og‘di: Papa Geyening aniq zarbasi finalga nuqta qo‘ydi va Senegalga g‘alabani olib keldi.
Bu natija Senegal terma jamoasi uchun alohida ahamiyatga ega: jamoa o‘z tarixida ikkinchi marta Afrika qit’asi chempioni unvonini qo‘lga kiritdi. Ushbu final esa nafaqat gol, balki ruh, xarakter va bir so‘zning qanchalik kuchli ekani bilan musobaqa tarixidagi eng hissiyotli bahslardan biri sifatida uzoq esda qoladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!