Bernardu Silva "Manchester Siti"dan ketishga yaqin: "Barselona" kutyapti

Portugaliyalik mahoratli yarim himoyachi Bernardu Silva 2025/2026 yilgi mavsum yakunlangach, “Manchester Siti” bilan xayrlashishga bel bog‘lagani aytilmoqda. Manbalarga ko‘ra, u klubni erkin agent sifatida tark etishni reja qilgan.
El Chiringuito TV jurnalistlari tarqatgan ma’lumotda qayd etilishicha, 31 yoshli pleymeyker jamoasini o‘zgartirish bo‘yicha allaqachon qat’iy qarorga kelgan. Eng ko‘p tilga olinayotgan yo‘nalish esa Kataloniyaga olib boradi — Bernarduning keyingi manzili sifatida “Barselona” varianti muhokama markazida.
Qizig‘i, “Barselona” uchun aynan erkin agent maqomida kelish imkoniyati juda jozibali ko‘rinadi. Chunki bunday holatda katalonlar tajribali yulduzni kompensatsiya to‘lamasdan, “bepul transfer” orqali tarkibga qo‘shib olishi mumkin bo‘ladi. Bu esa moliyaviy hisob-kitobni yaxshi ko‘radigan “blaugrana” rahbariyatiga aynan kerakli ssenariy.
Bernardu Silva “Manchester Siti” safida 2017 yil yozidan buyon to‘p tepib kelayotgan, jamoaning bir necha yillik muvaffaqiyatlarida muhim figuraga aylangan futbolchilardan. Joriy Angliya Premer-ligasi mavsumida u 22 ta uchrashuvda ishtirok etib, 2 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Ayni paytda portugaliyalik yarim himoyachining bozor bahosi 27 million yevro atrofida ko‘rsatilmoqda. Ammo agar u haqiqatdan ham mavsum oxirida erkin agentga aylansa, bu raqam faqat “qag‘ozdagi narx” bo‘lib qolishi mumkin.
Qisqasi, yozgacha hali vaqt bor, lekin Bernardu atrofidagi gaplar allaqachon transfer bozorini qizitib yubordi. Endi eng qizig‘i — “Siti” bu vaziyatni qanday boshqaradi, “Barselona” esa imkoniyatni qo‘ldan chiqarmaydimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!