Osiyo Olimpiya Kengashi prezidenti “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlandi

Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh assambleyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Tadbirda xalqaro va mintaqaviy sport tashkilotlari rahbarlari hamda rasmiylar qatnashdi. Ular orasida Qatar Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniy, Butunjahon antidoping agentligi prezidenti Vitold Banka, Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti Morinari Vatanabe, “World Boxing” prezidenti Gennadiy Golovkin va boshqalar bor.

Prezident Mirziyoyev nutqida sportning davlatlar va xalqlar o‘rtasida muloqot va hamkorlikni mustahkamlashdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi. Shuningdek, Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniyni Osiyo Olimpiya kengashi prezidenti etib saylanishi bilan tabriklab, uning xalqaro sport rivojiga qo‘shgan hissasi haqida to‘xtaldi.
Assambleyada O‘zbekistonning sport sohasidagi islohotlari ham taqdim etildi. Jumladan, “Prezident Olimpiadasi” kompleks musobaqalari tizimi yo‘lga qo‘yilgani, Olimpiya shaharchasi barpo etilgani va yuqori malakali sportchilarni tayyorlash tizimi kengaytirilayotgani qayd etildi. Shuningdek, 2024-yil Parij Olimpiadasi va Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari muvaffaqiyatli ishtirok etgani ham e’tirof etildi.

Assambleya davomida xalqaro va Osiyo sport tashkilotlari O‘zbekiston milliy sport federatsiyalari bilan 20dan ortiq bitimlar imzolagani, turli sport inshootlari va akademiyalar tashkil etilishi haqida ma’lum qilindi. Davlatimiz sport diplomatiyasini rivojlantirish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga ochiqligini ta’kidladi.
Tadbir yakunida Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniy O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!