Endrik yana porladi: "Lion" "Laval"ni yengib chorakfinalga chiqdi (video)

Fransiya Kubogi 1/8 finali doirasida “Lion” hamda “Laval” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yakunlandi. “Grupama” stadionida kechgan bahsda maydon egalari o‘z so‘zini oxirida aytib qo‘ydi — “Lion” 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, chorak finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Bu o‘yinda eng katta diqqat markazi yana bir bor “Real”dan ijara asosida kelgan Endrikka qaratildi. Braziliyalik yosh iste’dod yangi jamoasida gol urishni oddiy odatga aylantirib bormoqda — hujumchi deyarli har o‘yinda o‘zini ko‘rsatyapti.
Bahs tafsilotlariga kelsak, hisob 80-daqiqada ochildi. Endrik raqib himoyasini “uyqudan uyg‘otib”, vaziyatdan maksimal foydalandi va “Lion”ni oldinga olib chiqdi. Uchrashuvga yakuniy nuqtani esa 90+4-daqiqada portugaliyalik Afonsu Moreyra qo‘ydi — 2:0.
Fransiya kubogi. 1/8 final
Lion – Laval 2:0
Gollar: Endrik 80, Moreyra 90+4.
Lion – Deskamp, Hatebor (Hamdani, 79), Mata, Niakate, Abner, Nartey, Morton (Tessmann, 79), Merah, Karabek (Moreyra, 63), Endrik, Shuls.
Endrikning ayni paytdagi statistikasi esa haqiqatan ham “dahshatli” deyishga arziydi. Qishki transfer oynasida “Lion”ga kelganidan keyin u barcha musobaqalarda 5 ta o‘yinda maydonga tushib, 5 ta gol va 1 ta assist qayd etdi. Ya’ni Endrik deyarli har uchrashuvda jamoasiga samara keltiryapti — gol uradi yoki sheriklariga hal qiluvchi pas uzatadi.
Shu g‘alaba bilan “Lion” chorak finalga chiqdi. Endi Fransiya Kubogida intriga yanada qiziydi: bugun, 5-fevral kuni 1/8 finalning so‘nggi bahsida “Strasburg” va “Monako” o‘zaro kuch sinashadi.
Qisqasi, “Lion” o‘z maydonida ishni pishiq qildi, Endrik esa yana bir bor “men bu yerga bekor kelmaganman” degan gapni maydonda isbotladi. Agar shu sur’at davom etsa, Fransiya Kubogi “Endrik shou”ga aylanib ketishi ham hech gap emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!