O‘zbekiston qizlari Bangladeshni yirik hisobda yengdi va pley-offga chiqdi

Kotrina Kulbite boshchiligidagi O‘zbekiston ayollar terma jamoasi musobaqaning 3-turida Bangladeshga qarshi maydonga tushib, 4:0 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Bu natija nafaqat turnirdagi ilk g‘alaba, balki jamoamiz uchun eng muhim maqsad — guruhdan chiqish vazifasini ham bajarib berdi: O‘zbekiston uchinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga yo‘llanma oldi.
Uchrashuvda hisob 10-daqiqada ochildi — Diyora Habibullayeva aniq zarba bilan jamoamizni oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘limda esa maydonda to‘liq ustunlik ko‘rindi: Dildora Nozimova 62 va 66-daqiqalarda ketma-ket ikki gol urib, g‘alabani deyarli hal qildi. Uchrashuv nuqtasini esa 88-daqiqada Nilufar Qudratova qo‘ydi — 0:4.
Parallel o‘yinda esa Xitoy KXDRni 2:1 hisobida mag‘lub etib, guruhda peshqadam sifatida pley-offga chiqdi. Shimoliy koreyaliklar esa ikkinchi o‘rin bilan keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Shu bilan O‘zbekiston uchun ssenariy aniq: jamoamizning chorak finaldagi raqibi “A” yoki “C” guruhi g‘olibi bo‘ladi. Ya’ni oldindagi to‘qnashuv — allaqachon “katta liga” kayfiyati: kuchli raqib, yuqori bosim, ammo shunchaki imkoniyat emas, imkoniyatning o‘ziga yarashlik imtihon.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston -2 to‘plar farqi bilan uchinchi o‘rinda turib ham guruhdan chiqishi mumkin bo‘lgan ikki terma jamoadan biri bo‘ldi. Ikkinchi yo‘llanmaga esa Vetnam ega chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, Kulbite shogirdlari avvalgi ikki turda KXDR (0:3) va Xitoyga (0:3) mag‘lub bo‘lgan edi. Ammo Bangladeshga qarshi o‘yinda jamoa o‘zini yig‘ib oldi, xarakter ko‘rsatdi va eng kerakli paytda yirik g‘alaba bilan o‘zini qaytardi.
Osiyo Kubogi. 3-tur
Bangladesh – O‘zbekiston 0:4
Gollar: Diyora Habibullayeva 10’, Dildora Nozimova 62’, 66’, Nilufar Qudratova 88’
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!