O‘zFHM: “Qo‘qon-1912” — “Nasaf” epizodi ochiq muhokamada ko‘riladi

O‘zFHM matbuot xizmati “Qo‘qon-1912” — “Nasaf” uchrashuvida yuzaga kelgan bahsli vaziyat yuzasidan qo‘shimcha tushuntirish berdi.
Xabarga ko‘ra, Superliganing 6-turi doirasida o‘tkazilgan mazkur o‘yindagi tortishuvli epizod bo‘yicha avval Ekspert hakamlar guruhi o‘z xulosasini eʼlon qilgan. Tashkilot taʼkidlashicha, futboldagi adolat va yaxlitlikni taʼminlash maqsadida barcha masʼul idoralar bilan hamkorlik doimiy ravishda davom etmoqda.
O‘zFHM ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga sodiq holda har bir tur yakunidan so‘ng bahsli vaziyatlar bo‘yicha muntazam tahliliy xulosalar taqdim etib kelmoqda. Bu esa futbol jamoatchiligida ishonchni oshirishga qaratilgani taʼkidlandi.
Shu bilan birga, amaldagi FIFA hamda IFAB talablariga muvofiq, VAR jarayoniga oid ichki audioyozuvlarni uchinchi shaxslarga berish qatʼiyan taqiqlangani qayd etildi. Ushbu materiallar faqat ichki xizmat hujjati sifatida foydalaniladi.
Biroq ochiqlik siyosati doirasida ushbu vaziyatni O‘zbekiston professional futbol ligasi hamda “Nasaf” klubi vakillari ishtirokida O‘zFHMda birgalikda ko‘rib chiqish imkoniyati mavjud ekani aytildi. Bunda barcha texnik materiallar asosida epizod to‘liq tahlil qilinib, tushuntirish beriladi.
Shuningdek, tashkilot tomonidan OAV vakillari uchun o‘tkaziladigan seminarlarda ham bunday holatlar muntazam muhokama qilinib kelinayotgani taʼkidlandi. “Qo‘qon-1912” — “Nasaf” uchrashuvidagi mazkur epizod ham navbatdagi debrifing yig‘ilishida ommaviy axborot vositalari ishtirokida tahlil qilinishi rejalashtirilgan.
Futbol mutasaddilariga ko‘ra, bunday yondashuv bahsli vaziyatlarga aniqlik kiritish va jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!