Rossiyalik taniqli murabbiy: Qanday qilib bunday iqtidor ko‘zdan qochirildi?

Rossiya futbolining eng taniqli murabbiylaridan biri, Moskvaning “Lokomotiv” jamoasi bilan uch karra chempionlikka erishgan Yuriy Syomin “Sport-Ekspress” nashriga bergan intervyusida “Manchester Siti”ning o‘zbekistonlik himoyachisi Abduqodir Husanov nega Rossiya Premyer-ligasida ilgari payqalmaganiga hayron bo‘ldi.
Syominning taʼkidlashicha, Husanov oddiy o‘yinchi emas, balki katta salohiyatga ega haqiqiy kashfiyot hisoblanadi. Uning fikricha, futbolchi Yevropa yo‘lida bosqichma-bosqich o‘sgan: avvaliga O‘zbekistonda, keyin Belarusda, so‘ng Fransiyada o‘ynab, oxiri Angliyaga yetib kelgan.
Murabbiy shu o‘rinda savol bilan murojaat qiladi: “Bizning seleksionerlar qayerda edi? Qanday qilib bunday iqtidor ko‘zdan qochirildi?” — deya tanqid qildi u.
Syomin futbolni va futbolchini ko‘ra bilish muhimligini taʼkidlab, “Lokomotiv”da Xvicha Kvarasxeliya ham o‘z vaqtida qo‘ldan chiqarib yuborilganini esga oldi. Uning aytishicha, Pep Gvardiola Husanovdagi isteʼdodni to‘g‘ri baholab, uni jamoaga jalb etgan.
Mutaxassis Husanovning universalligiga ham alohida to‘xtaldi — u markaziy himoyada ham, qanotda ham birdek samarali harakat qila oladi, bu esa kam uchraydigan sifat ekanini aytdi.
"Gvardiola esa bu “olmos”ni ko‘ra oldi va jamoasiga olib keldi. Husanov markaziy himoyada ham, qanotda ham sifatni yo‘qotmasdan o‘ynay oladi, bu esa kam uchraydigan noyob isteʼdod.
Abduqodir hali juda yosh bo‘lishiga qaramay, Pepdek yuqori darajadagi murabbiy unga eng muhim o‘yinlarda ishonch bildirmoqda”, — dedi Syomin.
Syominning fikricha, yosh futbolchi “Manchester Siti”dagi kuchli raqobat, yuqori bosim va to‘liq tribunalar muhitida ham o‘z o‘rnini topa olgan.
“Husanovni ikki marta oyning eng yaxshi futbolchisi deb tanlashdi — bu bejiz emas. U yaxshi o‘ynamoqda. Lekin eng muhimi — uni stereotiplarsiz to‘g‘ri ko‘ra bilish kerak edi. Agar u RPLga chaqirilganida, albatta borgan bo‘lardi. Ammo uni payqamadilar — asosiy muammo mana shu”, — dedi Syomin.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov faoliyatini “Bunyodkor” akademiyasida boshlagan, keyin Belarusning “Energetik-BGU” klubida professional yo‘lga chiqqan. 2023 yilda Fransiyaning “Lans” jamoasiga o‘tgan, keyin esa 40 million yevrolik transfer orqali “Manchester Siti”ga qo‘shilgan.
Hozirgi kunda u “shaharliklar”ning asosiy tarkib futbolchisi hisoblanadi va Gvardiola qo‘l ostida bir nechta individual sovrinlar hamda Angliya Liga kubogini qo‘lga kiritgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!