"Liverpul" Yan Diomande uchun 100 million yevro to'laydi

Angliyaning "Liverpul" klubi misrlik hujumchi Mohamed Salahning o'rnini bosuvchi munosib nomzodni topdi. Mersisaydliklar Germaniyaning "RB Leypsig" jamoasi hujumchisi Yan Diomande transferi uchun har qanday chorani ko'rishga tayyor. 19 yoshli futbolchi joriy mavsum yakunida jamoani tark etishi kutilayotgan Salahning asosiy vorisi sifatida ko'rilmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Xabarlarga ko'ra, "Liverpul" mutasaddilari va Diomandening agentligi o'rtasida aniq muzokaralar boshlangan. Kot-d'Ivuarlik iqtidor egasining nemis klubi bilan 2030-yilgacha shartnomasi borligi sababli, uning transfer narxi 100 million yevrodan oshishi kutilmoqda. Agar ushbu kelishuv amalga oshsa, Diomande Bundesliga tarixida 100 millionlik dovondan o'tgan beshinchi futbolchiga aylanadi.

Yosh hujumchi joriy mavsumda 32 ta o'yinda maydonga tushib, 13 ta gol va 8 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Uning xizmatlariga Fransiyaning "PSJ" va Germaniyaning "Bavariya" klublari ham qiziqish bildirmoqda. Biroq futbolchining o'zi bolaligidan "Liverpul" muxlisi ekanini va "Enfild"da to'p surish uning eng katta orzusi ekanini ta'kidlagan.
Ayni damda "Liverpul" Angliya Premyer-ligasida beshinchi o'rinni egallab turibdi va Chempionlar ligasi yo'llanmasi uchun kurashmoqda. Jamoa so'nggi turda "Everton"ni 2:1 hisobida mag'lub etib, o'z imkoniyatlarini yaxshilab oldi. Salah esa mart oyi oxirida shartnomasi tugashiga bir yil qolganda jamoani tark etishini rasman e'lon qilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!