date

«Manchester Siti»da xavfli inqiroz boshlandi, dedi Karrager...

Angliya futbolida o‘zining keskin va ochiq fikrlari bilan tanilgan sobiq futbolchi, hozirda esa mashhur ekspert sifatida ishlayotgan Jeyms Karrager “Manchester Siti”ning “Everton”ga qarshi namoyishidan qattiq norozi bo‘ldi. U ayniqsa jamoaning himoya chizig‘idagi muammolarni jiddiy tanqid qilib, bu holat chempionlikka mos emasligini ta’kidladi.

Karragerning fikricha, “shaharliklar”ning hozirgi o‘yini avvalgi mavsumlardagi ishonchli va bosimni nazorat qila oladigan “Siti”dan mutlaqo farq qilmoqda. Ekspert himoyachilar harakatidagi ikkilanish va ishonchsizlik butun jamoaning barqarorligiga salbiy ta’sir o‘tkazayotganini aytdi.

— “Manchester Siti”dan nimani ko‘rdim? Bu chempionlikka olib boradigan himoya emas. Bu — haqiqiy sarosima. Bunday darajada Mark Gexi kabi futbolchi raqibga bunaqa pas bermasligi kerak. Bu oddiy xato emas, bu raqibga tayyor sovg‘a topshirish bilan barobar. Sen amalda o‘yinni o‘zing raqibga berib qo‘yapsan”, — dedi Karrager.

Sobiq himoyachi bahs davomida o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov ishtirok etgan vaziyatga ham alohida to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, gol bilan yakunlangan epizodda Husanovning harakatlarida ham bosim ta’siri yaqqol ko‘ringan.

— “O‘sha vaziyatda Abduqodir Husanovga qarang: ikkilanish, pozitsiyani noto‘g‘ri tanlash — bularning barchasi ruhiy bosim natijasida yuzaga keladigan holatlar. Ilgarigi “Siti” raqibni to‘p nazorati bilan bo‘g‘ib tashlardi. Hozir esa nazorat yo‘q, ishonch yo‘q, himoyachilar esa ikkilanmoqda. Agar orqa chiziqda xavotir paydo bo‘lsa, butun jamoa parokanda bo‘la boshlaydi”, — deya fikr bildirdi ekspert.

Karragerning aytishicha, chempionlik uchun kurashayotgan jamoa qisqa bosim ostida ham o‘zini yo‘qotmasligi shart. U “Everton”ning qisqa muddatli pressingi “Siti”ni qiyin ahvolga solib qo‘yganini misol qilib keltirdi.

— “Agar sen chempion bo‘lishni istasang, raqibning 10 soniyalik bosimida parchalanib ketmasliging kerak. Ilgari jamoalar Pep Gvardioladan qo‘rqardi. Hozir esa aksincha — uning jamoasini nishon sifatida ko‘ra boshlashdi. Agar shu holat davom etsa, nafaqat chempionlik, hatto sovrinli o‘rinlar uchun kurash ham murakkablashadi”, — dedi Karrager.

Ayni paytda “Manchester Siti” atrofidagi muhokamalar yanada qizimoqda. Muxlislar esa jamoa tezroq avvalgi ishonchli o‘yiniga qaytishini umid qilmoqda. Ayniqsa, Abduqodir Husanovning har bir harakati o‘zbek futbol ishqibozlari tomonidan katta qiziqish bilan kuzatilayotgani sir emas.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » «Manchester Siti»da xavfli inqiroz boshlandi, dedi Karrager...