date

Simeone «Arsenal»ni tan oldi, ammo jamoasini maqtadi...

Diyego Simeone boshchiligidagi «Atletiko Madrid» «Arsenal»ga qarshi kechgan dramatik bahsdan keyin musobaqa bilan xayrlashdi. Uchrashuv 1:1 hisobida yakunlangan bo‘lsa-da, ilk o‘yindagi mag‘lubiyat madridliklarning keyingi bosqich orzusiga nuqta qo‘ydi. O‘yindan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Diyego Simeone hissiyotlarga boy fikrlar bildirdi.

Argentinalik mutaxassis avvalo o‘z shogirdlarining harakatini yuqori baholadi va jamoa bu mavsumda kutilgandan ham yaxshiroq yo‘l bosganini ta’kidladi. Uning fikricha, «Atletiko Madrid» maydonda barcha imkoniyatni ishga solgan, ammo hal qiluvchi pallalarda omad raqib tomonda bo‘lgan.

— «Biz juda yaxshi kampaniya o‘tkazdik. Futbolchilar barcha kuchini berdi, oxirigacha kurashdi. Rostini aytsam, ko‘pchilik kutganidan ham uzoqroq yo‘l bosdik. Afsuski, futbol shunday — ba’zan katta mehnat ham istalgan natijani bermaydi», — dedi Simeone.

Murabbiy birinchi uchrashuvda ham jamoasi yetarlicha xavfli vaziyatlar yaratganini, ammo ulardan samarali foydalanishning iloji bo‘lmaganini eslab o‘tdi. Uning aytishicha, javob bahsida ayniqsa ikkinchi bo‘limda madridliklar tashabbusni qo‘lga olgan.

— «Birinchi o‘yinda ham gol urish uchun imkoniyatlarimiz bor edi, ammo yakunda sovuqqonlik yetishmadi. Bugun esa ikkinchi bo‘limda ko‘proq raqib maydonida harakat qildik, bosim o‘tkazdik, vaziyatlar yaratdik. Lekin futbolda ba’zan mayda detallar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ayrim payt omad sen tomonda bo‘ladi, ayrim payt esa aksincha», — deya fikr bildirdi tajribali murabbiy.

Simeone hakamlik mavzusiga ham to‘xtaldi, ammo bu haqda ortiqcha bahona qidirishni istamasligini bildirdi. U raqib jamoani munosib tarzda tabrikladi.

— «Hakamlik haqida aytadigan ortiqcha gapim yo‘q. Biz musobaqani tark etdik va buni qabul qilishimiz kerak. «Arsenal»ni tabriklayman — ular yaxshi jamoa ekanini yana bir bor ko‘rsatdi», — dedi u.

Shu bilan birga, Simeone «Arsenal»ning hozirgi loyihasi va o‘yin uslubiga ham yuqori baho berdi. U ayniqsa jamoaning barqaror rivojlanayotganini alohida ta’kidladi.

— «Menga ularning jamoasi ham, murabbiyi ham yoqadi. Ularda aniq tizim va barqaror yondashuv bor. Bu esa katta moliyaviy imkoniyatlar bilan qo‘llab-quvvatlanyapti. Bunday holatda raqobat qilish oson emas. Lekin biz ham to‘xtab qolmaymiz, ishlashda davom etamiz», — dedi Simeone.

Bu mag‘lubiyatga qaramay, «Atletiko Madrid» muxlislari jamoaning jangovor ruhini yuqori baholamoqda. Simeone boshchiligidagi madridliklar yana bir bor xarakter va matonat namoyish etib, oxirigacha kurashishdan voz kechmasligini ko‘rsatdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Simeone «Arsenal»ni tan oldi, ammo jamoasini maqtadi...