Bavariya nima uchun Niko Uilyams transferidan voz kechdi?

Niko Uilyams yozgi transfer oynasi davomida Bavariya klubining asosiy nishonlaridan biri edi, biroq yakunda kelishuv amalga oshmadi. Sport Bild xabariga koʻra, Atletik Bilbao vingerining transferi barbod boʻlishiga ikki asosiy sabab taʼsir koʻrsatgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Birinchidan, futbolchining moliyaviy talablari Bavariya rahbariyatini qoniqtirmadi. Uilyams yiliga 22 million yevro maosh va qoʻshimcha bonuslar talab qilgan. Sport direktori Maks Eberlning soʻzlariga koʻra, muzokaralar boshlanmasdanoq bu raqamlar klub uchun haddan tashqari yuqori deb topilgan.
Ikkinchi omil esa oʻyin uslubi bilan bogʻliq boʻldi. Bavariya tahlilchilari Niko Uilyamsning himoyadagi harakatlarini yetarli emas deb hisoblashgan. Vincent Kompany jamoada yuqori pressingga asoslangan tizimni qurayotgani bois, vingerning himoyaga qaytishdagi sustligi murabbiylar shtabini xavotirga solgan.
Natijada Bavariya ushbu pozitsiya uchun Liverpuldan Luis Diazni tanladi. Kolumbiyalik futbolchi jamoaga tez moslashib, oʻzini koʻrsatishga muvaffaq boʻldi. Ayni damda Niko Uilyams Atletik Bilbao bilan 2035-yilga qadar shartnomaga ega, biroq uning joriy mavsumdagi statistikasi transfer qiymati pasayishi mumkinligidan dalolat beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!