Mbappega qarshi norozilik kuchaydi, muxlislar keskin talab qo‘ymoqda

Madridning “Real” klubi atrofida yana katta muhokamalar avj oldi. Jamoaning fransiyalik yulduz hujumchisi Kilian Mbappega qarshi muxlislar noroziligi tobora kuchayib bormoqda. Ispan ommaviy axborot vositalari tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining klubni tark etishini talab qiluvchi onlayn petitsiya 11 milliondan ortiq imzo yig‘ishga ulgurgan.
Bu holat nafaqat Ispaniyada, balki butun Yevropa futbol jamoatchiligida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Muxlislar orasida Mbappening so‘nggi xatti-harakatlari, maydondagi munosabati va jamoa ichidagi muhitga ta’siri keskin tanqid qilinmoqda.
Avvalroq Kilian Mbappening ayrim jamoadoshlari, xususan braziliyalik vinger Vinisius Junior bilan munosabatlari sovuqlashgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Manbalarga ko‘ra, fransiyalik forvard ba’zi futbolchilarning harakatlari va jamoadagi munosabatlardan norozi bo‘lib kelmoqda. Bu esa “Real” ichidagi muhit haqida turli taxminlar paydo bo‘lishiga olib keldi.
Shu bilan birga, Kilian Mbappening Ispaniya chempionatining hal qiluvchi pallasida Italiyaga dam olish uchun ketgani ham muxlislarning g‘azabiga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, “Barselona”ga qarshi muhim “El Klasiko” oldidan bunday qaror qabul qilingani ko‘pchilik tomonidan professionallikka to‘g‘ri kelmaydigan harakat sifatida baholandi.
Ayni vaqtda futbolchi 24 aprel kuni “Betis”ga qarshi bahsda olgan jarohatidan tiklanish jarayonini boshdan kechirmoqda. O‘sha uchrashuv 1:1 hisobida yakunlangan va Mbappening jarohati jamoa uchun jiddiy yo‘qotish sifatida qabul qilingandi.
Ma’lumot uchun, “Real” va “Barselona” o‘rtasidagi navbatdagi prinsipial to‘qnashuv 10 may kuni bo‘lib o‘tadi. Muxlislar aynan shu uchrashuvda Mbappening maydonga tushish-tushmasligini katta qiziqish bilan kutmoqda.
27 yoshli Kilian Mbappe 2024 yildan beri Madrid klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. Ungacha u Fransiyaning “Pari Sen-Jermen” jamoasida faoliyat yuritgan va Yevropaning eng kuchli hujumchilaridan biri sifatida e’tirof etilgandi.
Shunga qaramay, hozirgi vaziyat Mbappe uchun “Real”dagi faoliyatidagi eng og‘ir davrlardan biriga aylanishi mumkin. Chunki Madrid muxlislari har doim nafaqat natija, balki futbolchining klubga bo‘lgan munosabati va sadoqatiga ham katta ahamiyat beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!