Harri Keyn «Oltin to‘p» poygasida hozircha peshqadam...

Jahon futbolidagi eng nufuzli shaxsiy sovrinlardan biri hisoblangan “Oltin to‘p” uchun kurash tobora qizg‘in tus olmoqda. Mashhur Goal nashri 2026 yilgi mukofot uchun yangilangan reytingni e’lon qildi va ro‘yxatda ayrim kutilmagan o‘zgarishlar ham kuzatildi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, hozircha Germaniyaning “Bavariya” klubi hujumchisi Harri Keyn asosiy favorit bo‘lib turibdi. Angliyalik goleadorning barqaror o‘yini, gollari va hal qiluvchi bahslardagi yuqori samaradorligi uni reyting yetakchisi sifatida saqlab turibdi.
Ikkinchi o‘rinni esa “Barselona”ning yosh iste’dodi Lamin Yamal egallagan. Ispaniyalik vunderkind bu mavsumdagi yorqin harakatlari bilan butun Yevropani hayratda qoldirishda davom etmoqda.
Uchinchi pog‘onaga “PSJ” vingeri Usmon Dembele ko‘tarildi. Fransiyalik futbolchi Chempionlar Ligasidagi muvaffaqiyatli ishtirok va hal qiluvchi uchrashuvlardagi samarali harakatlari orqali yuqori o‘ringa chiqib oldi.
To‘rtinchi o‘rinda “Arsenal” yarim himoyachisi Deklan Rays joylashgan. Angliyalik futbolchi nafaqat himoyadagi ishonchli harakatlari, balki jamoaning hujumlaridagi faolligi bilan ham yuqori baholanmoqda.
Beshinchi pog‘onadan “Bavariya”ning yana bir futbolchisi Maykl Olise o‘rin olgan. Fransiyalik iqtidor egasi joriy mavsumdagi tezkorligi va texnikasi bilan ko‘plab muxlislarni o‘ziga rom etmoqda.
Oltinchi o‘rinda esa “Real”ning asosiy yulduzi Kilian Mbappe qayd etildi. Garchi fransuz forvardi yuqori darajada o‘yin ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, jamoasining ayrim muhim bahslardagi muvaffaqiyatsizliklari uning reytingda yuqoriroq ko‘tarilishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Yettinchi pog‘onaga “PSJ”ning gruziyalik vingeri Xvicha Kvaratsxeliya joylashdi. Uning Chempionlar Ligasidagi sermahsul o‘yini va ketma-ket golli harakatlari butun Yevropa matbuoti diqqatini tortdi.
Sakkizinchi o‘rinni “Manchester Siti” hujumchisi Erling Holand egallagan. Norvegiyalik gol mashinasi har doimgidek xavfli bo‘lib qolmoqda, ammo bu mavsumda raqobat yanada kuchaygan.
To‘qqizinchi pog‘onada “PSJ” yarim himoyachisi Vitinya qayd etilgan bo‘lsa, o‘ninchi o‘rinni “Bavariya” forvardi Luis Dias band qildi.
Mutaxassislar fikricha, mavsumning hal qiluvchi qismi va ayniqsa Chempionlar Ligasi finali “Oltin to‘p” uchun kurashda katta ahamiyat kasb etadi. Shu bois reyting hali yana bir necha marta o‘zgarishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!