date

Mirjalol Qosimov derbidagi durangdan keyin qanday xulosa qildi?

O‘zbekiston Kubogining guruh bosqichi 1-turidan o‘rin olgan OKMK — “Metallurg” uchrashuvi haqiqiy jangovar ruhda kechdi. Olmaliq va Bekobod jamoalari o‘rtasidagi derbi 3:3 hisobidagi sergol durang bilan yakunlandi.

O‘yindan keyin OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov bahs haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Mutaxassis uchrashuv derbi maqomiga munosib o‘tganini, maydonda qiziqarli va tomoshabop futbol namoyish etilganini ta’kidladi.

“Derbini guvohi bo‘ldik, qiziqarli o‘yin bo‘ldi. Hisob ham ko‘rsatib turibdi. Derbiga xos o‘yin. O‘ylaymanki, bundan muxlislar yutdi, chiroyli o‘yin kechdi”, — dedi Qosimov.

Shu bilan birga, OKMK ustozi jamoasi 3:1 hisobida oldinda borayotgan paytda g‘alabani qo‘ldan chiqarmasligi kerakligini aytdi. Uning fikricha, futbol 90 daqiqa davom etadi va har bir vaziyatga oxirigacha jiddiy yondashish talab qilinadi.

“Futbol 90 daqiqa o‘ynaladi. 3:1 hisobi qayd etilib turgan paytda bemalol g‘alabaga yetkazib qo‘yishimiz mumkin edi. Ammo “Metallurg” jamoasi ham jon-jahdi bilan o‘ynashga harakat qildi. Albatta, durang bilan mukofotlandi”, — deya qo‘shimcha qildi murabbiy.

Darhaqiqat, “Metallurg” bu bahsda xarakter ko‘rsatdi. Hisobda ortda qolganiga qaramay, bekobodliklar kurashdan to‘xtamadi va oxirigacha bosimni saqlab qoldi. Natijada ular safarda muhim durangni qo‘lga kiritishdi.

Qosimov kubokdagi maqsadlar haqida ham gapirdi. Uning ta’kidlashicha, OKMK uchun musobaqa nomi muhim emas — Kubok bo‘ladimi, chempionat bo‘ladimi, jamoa har bir o‘yinga jiddiy yondashadi.

“Bizga farqi yo‘q: Kubok bo‘ladimi, chempionat bo‘ladimi, har bir o‘yinga yurakdan o‘ynaymiz. O‘zimizning auditoriyamiz, muxlislarimiz bor. Ular uchun o‘ynaymiz. Shu sababli har bir uchrashuvda oxirigacha kurashish va g‘alaba qozonish uchun harakat qilamiz”, — dedi u.

Murabbiy, shuningdek, jamoa faqat natija uchun emas, chiroyli o‘yin orqali muxlislar qalbidan joy olish uchun ham maydonga tushishini ta’kidladi. U futbolda doim g‘alaba qozonadigan jamoa bo‘lmasligini, mag‘lubiyat va duranglar ham o‘yinning bir qismi ekanini eslatdi.

OKMK uchun bu durang saboq bo‘lishi mumkin. Jamoa ustunlikni saqlab qolish, oxirgi daqiqalargacha konsentratsiyani yo‘qotmaslik va g‘alabani ishonchli tarzda rasmiylashtirish borasida xulosa chiqarishi kerak.

Umuman olganda, OKMK — “Metallurg” derbisi muxlislarga kerakli emotsiyani berdi: oltita gol, intriga, qaytish va oxirigacha kurash. Kubok endi boshlandi, lekin birinchi turning o‘ziyoq signal berdi — bu musobaqada oson o‘yin bo‘lmaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Mirjalol Qosimov derbidagi durangdan keyin qanday xulosa qildi?