Kumbulla Lamine Yamal va Kylian Mbappe oʻrtasidagi farqni tushuntirdi

Albaniya terma jamoasi va hozirda ijara asosida "Malorka" sharafini himoya qilayotgan Marash Kumbulla dunyoning eng kuchli hujumchilariga qarshi oʻynash qanchalik qiyinligi haqida gapirdi. "Roma"ga tegishli boʻlgan markaziy himoyachi La Ligada ham "Barselona"ning yosh yulduzi Lamine Yamal, ham "Real Madrid" superyulduzi Kylian Mbappe bilan toʻqnash kelishga ulgurdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Kumbulla har ikki futbolchining oʻyin uslubini tahlil qilar ekan, ularning maydondagi xavflilik darajasini yuqori baholadi. "Men Mbappeni yaqinroq qoʻriqlaganman, chunki u markaziy hujumchi sifatida koʻproq mening hududimda harakat qiladi. Lamine esa koʻpincha qanotda oʻynaydi, lekin uni maydonda kuzatish — bu aql bovar qilmas holat. U goʻyo hamma narsani bir soniya oldinroq his qiladi va barchadan oʻzib ketadi", — dedi himoyachi.
Lamine Yamalning iqtidori nafaqat raqiblar, balki jamoadoshlari tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Yaqinda Raphinha ham yosh yulduz haqida gapirib, uning darajasiga chiqish qiyinligini taʼkidlagan edi. Hansi Flick qoʻl ostida Lamine Yamal nafaqat istiqbolli yosh oʻyinchi, balki jamoaning ijodiy markazi va dunyoning eng yaxshi qanot hujumchilaridan biriga aylandi.
Shuningdek, Kumbulla oʻz faoliyatida Jose Mourinho bilan ishlagan davrlarini ham eslab oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, "Special One" unga himoyada oʻynashning psixologik va taktik nozikliklarini oʻrgatgan. "U menga baʼzi aqlli usullarni tushuntirib bergan: qachon magʻlub boʻlishdan koʻra qoʻpollik ishlatish foydaliroq ekani yoki kerakli vaqtda sariq kartochka olish sirlarini oʻrgatgan", — deya qoʻshimcha qildi Kumbulla.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!