Mundial oldidan Masharipov bo‘yicha noxush xabar

O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Jaloliddin Masharipov jarohati sabab Jahon chempionati uchun qaydnomadan chiqarildi. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, uning o‘rnini Ruslanbek Jiyanov egallagan va u 26 nafar futbolchidan iborat yakuniy ro‘yxatga kiritilgan. Shuningdek, Masharipov terma jamoadagi faoliyatini yakunlashi mumkinligi haqida ham xabarlar tarqalmoqda.
Ma’lumot uchun, Jaloliddin Masharipov jarohati tufayli uzoq vaqt davomida Eronning “Istiqlol” klubi hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida maydonga tusha olmagan edi.
Futbolchi 2026 yil 1 yanvar kuni Eron Pro-ligasi doirasidagi “Sepahon”ga qarshi uchrashuvning 73-daqiqasida maydonga tushirilgan, ammo bahsning 90-daqiqasida yana almashtirilgan. Keyinchalik uning tizzasidagi jarohat qayta bezovta qilgani ma’lum bo‘lib, 31 yanvar kuni operatsiya qilingan.
33 yoshli yarim himoyachi bosh murabbiy Fabio Kannavaro tomonidan mundial uchun yakuniy tarkibga kiritilgan edi. U so‘nggi vaqtlarda jarohatdan tiklanish bo‘yicha qo‘shimcha mashg‘ulotlarda ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, Jahon chempionatida qatnashish imkoniyatini boy berdi.





























Izohlar 0
…