Angliya terma jamoasida Harry Kane oʻrnini egallaydigan munosib hujumchi yoʻq

Angliya terma jamoasi va butun jahon futbolida klassik "toʻqqizinchi raqam", yaʼni markaziy hujumchi tanqisligi yuzaga kelmoqda. Hozirda Harry Kane terma jamoaning mutloq yetakchisi boʻlib tursa-da, uning ortidan kelayotgan yoshlar orasida munosib davomchi koʻrinmayotgani mutaxassislarni xavotirga solmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Premer-liganing sobiq yulduzi va Angliya terma jamoasi sobiq hujumchisi Stan Collymore Goal.com nashriga bergan intervyusida ushbu muammoning tub ildizlarini tushuntirib berdi. Uning fikricha, ingliz futbol tizimida Harry Kane darajasidagi merosxoʻrning yoʻqligi shunchaki tasodif emas, balki zamonaviy futbol taktikasi va yosh futbolchilarning masʼuliyatdan qochayotgani oqibatidir.
Nima uchun yoshlar hujumchi boʻlishni istamayapti?
Collymorening taʼkidlashicha, soʻnggi 15-20 yil ichida aksariyat jamoalar uchta hujumchi bilan oʻynash tizimiga oʻtgan. Bu esa sof markaziy hujumchi pozitsiyasining ahamiyatini oʻzgartirib yubordi. Murabbiylar bilan muloqotda boʻlgan sobiq futbolchi qiziqarli holatni payqagan: yosh futbolchilar endi markaziy hujumchi boʻlishni xohlashmayapti."Hamma qanot hujumchisi boʻlishga intiladi. Chunki u yerda sizda texnik mahorat koʻrsatish, markazga yorib kirish va zarba berish imkoniyati bor, lekin sizdan faqat gol talab qilinmaydi. Markaziy hujumchi esa faqat bitta narsa — gollar soni bilan baholanadi. Bu esa juda katta masʼuliyat va bosim degani", — deydi Stan Collymore.
Angliya futboli 1990-yillarda Alan Shearer, Ian Wright, Andy Cole va Robbie Fowler kabi sermahsul toʻpurarlar bilan toʻlib-toshgan edi. Bugungi kunda esa nafaqat Angliyada, balki butun dunyoda Robert Lewandowski, Karim Benzema va Luis Suarez kabi afsonaviy hujumchilar oʻz faoliyatining yakuniy bosqichiga yetib kelgan, ularning oʻrnini bosadigan yangi avlod esa juda kamsonli.
Erling Xoland — qoidadan mustasno holat
Mutaxassis Manchester Siti yulduzi Erling Xolandni zamonamizning noyob isteʼdodi deb atadi. Uning aytishicha, Erling Xoland Dortmundning Borussiya jamoasida oʻynaganida boʻshliqlarga yuguradigan va tezlik hisobiga gol uradigan hujumchi edi. Manchester Siti tarkibida esa u oʻzini jamoa tizimiga moslashtirib, jarima maydonchasi ichida toʻpni birgina tegish bilan darvozaga yoʻllaydigan "mashina"ga aylandi.Harry Kane hozirda 31 yoshda va u Lionel Messi hamda Cristiano Ronaldo kabi uzoq vaqt yuqori saviyada oʻynashni maqsad qilgan. Agar u yana 5 yil davomida terma jamoada toʻp sursa, Angliyada yangi isteʼdodlar yetishib chiqishi uchun vaqt boʻladi. Biroq hozircha yoshlar terma jamoalarida ham Kane kabi barqaror va xavfli hujumchi koʻzga tashlanmayapti.
Bu holat Angliya terma jamoasi uchun kelajakda jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Agar tizimli ravishda markaziy hujumchilar tayyorlash yoʻlga qoʻyilmasa, "uch sherlar" Harry Kane ketganidan soʻng hujum chizigʻida katta boʻshliqqa duch kelishi tayin.































Izohlar 0
…