Abbosbek Fayzullayev JCH-2026da noyob tarixiy rekord o‘rnatdi

Futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionatining debyut bahsida O‘zbekiston terma jamoasi Kolumbiyaga 1:3 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, hujumkor vakilimiz Abbosbek Fayzullayev o‘zining noyob yutug‘i bilan jahon futboli solnomasiga kirdi.
Asr rekordi: 167 santimetrlik gol
«Opta Sports» statistika markazi ekspertlarining ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda vakillarimizning yagona javob to‘pini kiritgan Abbosbek Fayzullayev XXI asrda Jahon chempionatlarida bosh bilan gol urgan eng past bo‘yli futbolchi sifatida tarixga kirdi. Iqtidorli futbolchining bo‘yi bor-yo‘g‘i 167 santimetrni tashkil etadi. Shuningdek, u O‘zbekistonning Mundiallardagi ilk goli muallifiga aylandi.
Qahramonlarning uchrashuv haqidagi fikrlari
Abbosbek Fayzullayev:
«Natija biz uchun juda alamli bo‘ldi, vaholanki kamida bir ochko olish imkoniyatimiz bor edi. Birinchi bo‘limdagi hayajondan so‘ng, ikkinchi bo‘limda ancha ishonchli o‘ynadik, biroq o‘z xatoimiz tufayli o‘tkazib yuborilgan ikkinchi gol bizga og‘ir botdi. Stadionga kelgan va ekran orqali bizni kuzatgan barcha ishqibozlarga minnatdorlik bildiraman. Endi bor e’tiborimiz qolgan ikki uchrashuvga qaratiladi».
Dmitriy An (futbolchining birinchi murabbiyi):
«Abbos haqiqiy tarix yaratdi va yurtimiz futboliga o‘z hissasini qo‘shdi. Unda doim gol sezish qobiliyati kuchli bo‘lgan. Bolaligidan bo‘yi unchalik baland bo‘lmasa-da, saralash bosqichida ham boshi bilan juda muhim gollarni urardi. Shogirdimdan faxrlanaman», — dedi mutaxassis Rossiyaning «Chempionat» nashriga bergan intervyusida.
Fayzullayevning O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi umumiy statistikasi:
Maydonga tushgan o‘yinlari: 33 ta
Urilgan gollar soni: 9 ta
Golli uzatmalari (pas): 2 ta
Fabio Kannavaro shogirdlari guruh bosqichi doirasida oldinda turgan ikkita hal qiluvchi bahsda vaziyatni o‘nglash uchun kurashni davom ettirishadi.































Izohlar 0
…