Kannavaro: «O‘zbekiston futbolchilari bir soniya ham taslim bo‘lmadi»

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Portugaliyaga qarshi Jahon chempionati uchrashuvidan keyin jamoasi haqida fikr bildirdi.
Italiyalik mutaxassis O‘zbekistonning mundialdagi ilk ishtiroki oson kechmasligi avvaldan ma’lum bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qur’a natijasida Kolumbiya va Portugaliya bir guruhdan joy olgach, jamoani og‘ir sinovlar kutayotgani aniq edi.
«Jahon chempionatidagi birinchi ishtirok oson bo‘lmasligi tabiiy. Qur’adan keyin Kolumbiya va Portugaliyani ko‘rib, juda qiyin guruhga tushganimizni bilgandik», dedi Kannavaro.
Bosh murabbiy Portugaliyaga qarshi natijaga qaramay, futbolchilaridan norozi emasligini ta’kidladi. U Kolumbiya bilan o‘yindan keyin ham jamoasi bilan faxrlanganini, Portugaliyaga qarshi bahsdan so‘ng ham fikri o‘zgarmaganini aytdi.
«Bugun ham jamoam bilan faxrlanaman. Ular qiyinchiliklarga duch keldi, ammo bir soniya ham taslim bo‘lmadi», dedi murabbiy.
Kannavaro Portugaliya barcha chiziqlarda yuqori saviyali futbolchilarga ega ekanini qayd etdi. Shuningdek, raqib katta motivatsiya bilan maydonga tushganini ham qo‘shimcha qildi.
Uning aytishicha, Jahon chempionati O‘zbekiston uchun katta tajriba vazifasini o‘tamoqda. Jamoa shu o‘yinlar orqali yuqori darajadagi futbolga moslashish va keyingi bahslar uchun xulosa chiqarish imkoniga ega bo‘lmoqda.































Izohlar 0
…