Kuznetsov O‘zbekistonning o‘yinini tanqid qildi va Ronaldu o‘zidan ketdi dedi

Moskvaning SSKA klubi sobiq futbolchisi Dmitriy Kuznetsov O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCH-2026dagi ishtiroki hamda Portugaliyaga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvi haqida keskin fikrlar bildirdi.
O‘zbekiston guruh bosqichining ikkinchi turida Portugaliyaga 0:5 hisobida imkoniyatni boy bergan edi. Kuznetsovning ta’kidlashicha, ushbu bahsda «Oq bo‘rilar»ning ijobiy natija qayd etish imkoniyati juda past bo‘lgan.
«Rostdan ham Portugaliyaga qarshi o‘yinda O‘zbekistonning imkoniyatlari deyarli yo‘q edi. Albatta, standart vaziyat yoki kutilmagan gol bo‘lishi mumkindi, ammo bu safar bunday holat kuzatilmadi», — dedi mutaxassis.
Uning fikricha, Portugaliya birinchi turdagi kutilmagan durangdan keyin O‘zbekistonga qarshi alohida motivatsiya va jipslik bilan maydonga tushgan.
«Portugaliyaliklar gol urish va g‘alaba qozonishlari shart ekanini yaxshi tushunib turishardi. Chunki birinchi turdagi durang ularning rejasiga kirmagan kutilmagan natija edi», — deya ta’kidladi Kuznetsov.
Sobiq futbolchi O‘zbekiston uchun bu jahon chempionatidagi ilk ishtirok ekani va jamoa a’zolarining aksariyati bunday yuqori darajada yetarli tajribaga ega emasligini qayd etdi.
U faqat Eldor Shomurodov va Abduqodir Husanovni xalqaro darajada tajribasi nisbatan yuqori futbolchilar sifatida tilga oldi. Biroq Husanov ham Portugaliya gollari bilan yakunlangan ayrim vaziyatlarda xatolarga yo‘l qo‘yganini aytdi.
«Shu sabab natija shunday bo‘ldi. O‘zbekiston futbolchilari ko‘p vaziyatlarda raqibga yetib bora olishmadi, hujumga o‘tishda ham ishonchsiz harakat qilishdi», — dedi Kuznetsov.
Mutaxassis O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyligiga Fabio Kannavaroni taklif qilish qarorini ham tanqid qildi.
Uning fikricha, murabbiyning mashhurligi yoki futbolchilik faoliyatidagi yutuqlari jamoaning natijasini kafolatlamaydi. Barchasi murabbiy ixtiyoridagi futbolchilarning saviyasi va imkoniyatlariga bog‘liq.
«Kannavaroni chaqirishdan ma’no yo‘q edi. Qanday mashg‘ulot usulini qo‘llashing yoki “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritganing muhim emas. Yakunda hammasi sening ixtiyoringdagi futbolchilar saviyasiga borib taqaladi. Kannavaro qo‘l ostida esa bunday darajadagi tarkib yo‘q edi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Kuznetsov uchrashuvda ikki gol urgan Krishtianu Ronalduning harakatlariga ham to‘xtaldi. U portugaliyalik hujumchining dublini ortiqcha yuqori baholamaslik kerakligini aytdi.
«Ronalduning O‘zbekiston darvozasiga urgan ikki golidan keyin o‘ziga ortiqcha baho bermaslik lozim. Maydonda unga deyarli hamma narsaga ruxsat berildi va u juda ko‘p vaziyatlarga ega bo‘ldi», — dedi sobiq futbolchi.
Shuningdek, Kuznetsov bahs yakunida Ronalduning raqib futbolchilariga nisbatan ayrim xatti-harakatlarini hurmatsizlik sifatida baholadi.
Uning aytishicha, portugaliyalik futbolchi ayrim epizodlarda raqiblar bilan qasddan to‘qnashgan va o‘ziga haddan tashqari ko‘p erkinlik bergan.
«Agar raqib Yevropaning kuchli jamoalaridan biri bo‘lganida, unga bunday harakatlarga yo‘l qo‘yishmasdi. Germaniya yoki Ispaniyaga qarshi shunday o‘ynaganida, maydonning o‘zidayoq qattiq javob olardi», — deya ta’kidladi Kuznetsov.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi mundialdagi dastlabki ikki uchrashuvda Kolumbiya va Portugaliyaga mag‘lub bo‘ldi. Endi Fabio Kannavaro shogirdlari guruh bosqichining so‘nggi turida Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi maydonga tushadi.































Izohlar 0
…