Arda Guler: «Juda yomon o‘ynadim, tanqidlar adolatli»

Arda Guler: «Juda yomon o‘ynadim, tanqidlar adolatli»

Turkiya milliy jamoasi yarimhimoyachisi Arda Guler jahon chempionati guruh bosqichida AQSH ustidan qozonilgan 3:2 hisobidagi g‘alabadan keyin o‘z o‘yini va jamoaning turnirdagi ishtiroki haqida keskin fikr bildirdi.

21 yoshli futbolchi AQSHga qarshi bahsda gol urgan va uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilganiga qaramay, o‘z harakatlaridan qoniqmaganini tan oldi.

«Juda yomon o‘ynadim. Tanqidchilar nima desa ham, barchasi haq. Umuman olganda, Turkiya turnirni juda yomon o‘tkazdi. Natijada musobaqadagi ishtirokimizni erta yakunlashimizga to‘g‘ri keldi», — dedi Guler.

«Real» yarimhimoyachisi turnir davomida yo‘l qo‘yilgan xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarish va kelgusida vaziyatni o‘zgartirishga umid qilayotganini ta’kidladi.

«Umid qilamanki, bundan keyin barchasini to‘g‘rilay olamiz. AQSHga qarshi o‘yin oldidan mening ruhiy holatim yaxshi emasligi aytildi. Har qanday tanqidga tayyorman. Ularning barchasi adolatli», — deya Gulerning so‘zlarini keltirdi The Touchline nashri.

Eslatib o‘tamiz, Vinchenso Montella boshchiligidagi Turkiya milliy jamoasi «D» guruhida 3 ochko to‘plab, to‘rtinchi o‘rinni egalladi va jahon chempionatini guruh bosqichida yakunladi.

AQSHga qarshi g‘alaba turkiyaliklar uchun turnirdagi yagona muvaffaqiyat bo‘ldi. Biroq bu natija jamoaning pley-off bosqichiga chiqishi uchun yetarli bo‘lmadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar