PSJ yulduzi Ibrahim Mbaye Premyer-liga klublari eʼtiboriga tushdi

Pari Sen-Jermen jamoasining yosh iqtidori Ibrahim Mbaye yozgi transfer oynasida Parijni tark etish istagini bildirganidan soʻng, Angliya Premyer-ligasining bir qator yetakchi klublari uni sotib olish uchun kurashga kirishdi. 18 yoshli vinger oʻz kelajagini Luis Enrique qoʻl ostidagi yulduzli tarkibda emas, balki muntazam oʻyin amaliyotiga ega boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa jamoada koʻrmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Mbaye 2026-yilgi Jahon chempionatida Senegal terma jamoasi safida koʻrsatgan yorqin oʻyini bilan butun dunyo skautlari nigohiga tushgan edi. Musobaqaning ochilish oʻyinida Fransiyaga qarshi zaxiradan maydonga tushib, Theo Hernandezni ortda qoldirgan holda urgan goli uni tarix sahifalariga muhrladi. Oʻshanda 18 yoshu 143 kunlik boʻlgan futbolchi Senegal tarixidagi eng yosh gol muallifi va Jahon chempionatlarida gol urgan eng yosh afrikalik futbolchiga aylandi.
Angliya klublarining qiziqishi
Foot Mercato nashri xabariga koʻra, futbolchining transferi borasida Tottenxem va Aston Villa klublari jiddiy qiziqish bildirmoqda. Londonliklar Mbayeʼning tezkorligi va hujumdagi agressiv uslubini Premyer-liga talablariga mos deb hisoblamoqda. Biroq, ayni damda Birmingemning Aston Villa klubi bu borada ancha faolroq harakat qilmoqda.Unai Emery boshchiligidagi Aston Villa oʻz tarkibini yosh va kelajagi porloq futbolchilar bilan kuchaytirishni maqsad qilgan. Mbayeʼning texnik imkoniyatlari va xalqaro maydondagi tajribasi birmingemliklar uchun ayni muddao boʻlib xizmat qilishi mumkin. PSJ esa oʻz akademiyasi tarbiyalanuvchisini saqlab qolishga harakat qilsa-da, futbolchining oʻzi ketishga moyil boʻlib turibdi.
Hozirda Ibrahim Mbayeʼning Parij klubi bilan shartnomasi 2028-yilning iyuniga qadar amal qiladi. Shunga qaramay, PSJning hujum chizigʻidagi yuqori raqobat va muntazam ravishda yangi yulduzlarning sotib olinishi yosh futbolchining asosiy tarkibga kirish imkoniyatlarini cheklab qoʻymoqda. Mbaye Shimoliy Amerikadagi mundialdan soʻng oʻzining yuqori darajada oʻynay olishini isbotladi va endi zaxira oʻrindigʻida qolishni istamayapti.
Maʼlumotlarga koʻra, futbolchining yaqinlari uning Parijda qolib rivojlanishini maʼqul koʻrishmoqda, biroq Mbayeʼning oʻzi yangi chaqiriqlarga tayyor. PSJ rahbariyati uchun ushbu transfer oynasi qiyin kechishi kutilmoqda, chunki ular oʻzlarining eng iqtidorli "titi"laridan (akademiya tarbiyalanuvchisi) birini boy berib qoʻyish xavfi ostida turibdi. Goal.com nashri ham futbolchining Premyer-ligaga oʻtish ehtimoli yuqori ekanligini tasdiqlamoqda.






























Izohlar 0
…