Soxta “Serkan Bolat”ga ishongan ayol 460 million so‘midan ayrildi

Soxta “Serkan Bolat”ga ishongan ayol 460 million so‘midan ayrildi

Rossiyaning Krasnodar shahrida yashovchi ayol o‘zini turkiyalik mashhur aktyor Kerem Bursin deb tanishtirgan firibgarning qurboniga aylandi. Sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan foto va videolar orqali ishonch uyg‘otgan jinoyatchi undan 3 million rubldan ortiq, ya’ni qariyb 460 million so‘mni qo‘lga kiritgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 2024 yilda sodir bo‘lgan. Nigeriya fuqarosi messenjer orqali ayol bilan tanishib, o‘zini “Sen çal kapımı” serialidagi mashhur aktyor Kerem Bursin sifatida tanishtirgan. U sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib tayyorlangan suratlar va videolarni yuborish orqali ayolning ishonchiga kirishga muvaffaq bo‘lgan.

Bir muddat yozishmalardan so‘ng firibgar turli bahonalarni o‘ylab topgan. U xavfsizlik masalalari, shaxsini sir saqlash, migratsiya hujjatlarini rasmiylashtirish hamda Rossiyaga kelish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash zarurligini aytib, ayoldan bir necha marotaba pul o‘tkazishni so‘ragan.

Oqibatda jabrlanuvchi firibgarga jami 3 million rubldan ortiq mablag‘ni o‘tkazib bergan. Keyinchalik u aldanganini anglab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.

O‘tkazilgan tergov davomida firibgarlikni Nigeriya fuqarosi sodir etgani aniqlangan. Sud uni aybdor deb topib, 3,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi.

Mutaxassislar esa mashhur shaxslar nomidan yozayotgan noma’lum akkauntlarga ishonmaslik, pul o‘tkazish bilan bog‘liq har qanday iltimosni shubha ostiga olish va sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan foto hamda videolar tobora ko‘payib borayotgan bir paytda ehtiyotkorlikni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidlamoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar