Alvaro Morata Ispaniya termasidagi kelajagiga nuqta qoʻymadi

Tajribali hujumchi Alvaro Morata 2026 yilgi jahon chempionatidagi gʻalabadan chetda qolganiga qaramay, milliy jamoadagi faoliyatini yakunlash niyati yoʻqligini maʼlum qildi. Komo klubidan Leganes safiga ijaraga oʻtgan futbolchi jamoaning mundialdagi zafarini chetdan turib kuzatgan boʻlsa-da, terma jamoadagi eshiklarni yopmaganini taʼkidladi. Cadena SER telekanalining El Larguero koʻrsatuviga bergan intervyusida hujumchi ushbu mavzu yuzasidan oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Aslida, bosh murabbiy Luis de la Fuente kengaytirilgan tarkib eʼlon qilinishidan oldinroq hujumchiga qoʻngʻiroq qilib, mundialga olib ketolmasligini shaxsan tushuntirgandi. Cadena SER xabar berishicha, Morata bu qarorni toʻgʻri tushunib, turnir oldidan ortiqcha shovqin-suron chiqarmaslik maqsadida vaziyatni vazminlik bilan qabul qilgan. U murabbiyning tanlovini hurmat qilgan holda, jamoaga chetdan turib toʻliq dalda bergan.
Mundial va murabbiy bilan suhbat
Morataning tan olishicha, har qanday futbolchi singari unda ham turnirda qatnashish umidi oxirigacha boʻlgan. "Albatta, jahon chempionatida boʻlishni juda istar edim. Biroq Nyu-Yorkka borib, oʻzim bilan birga terma jamoada ilk qadamlarini tashlagan koʻplab yigitlarni koʻrdim. Agar yil boshqacharoq kechganida nima boʻlardi, deb oʻylashing mumkin, lekin bundan maʼno yoʻq", – deya taʼkidlagan futbolchi.Shuningdek, u jamoadagi raqobat juda keskin ekanini va bosh murabbiy Luis de la Fuente uchun ham bu ogʻir tanlov boʻlganini eʼtirof etgan. Hujumchining fikricha, agar u tarkibga kiritilganida, matbuot va jamoatchilik tomonidan ortiqcha savollar hamda bosim yuzaga kelishi mumkin edi. Shu bois, bu qaror jamoaning tinchligi uchun ham maʼqul kelgan.
Raqobat va jamoadoshlar uchun quvonch
Hujum chizigʻidagi raqobat masalasiga toʻxtalib oʻtar ekan, Morata jamoadoshlarining muvaffaqiyatidan chin dildan xursand boʻlganini yashirmadi. U Borja Iglesias hamda boshqa hujumchilar bu gʻalabaga munosib ekanini alohida taʼkidlab oʻtdi.Shuningdek, jamoadoshi Mikel Oyarzabalning mahoratiga yuqori baho bergan forvard Ferran Torresning golidan oʻzgacha zavqlanganini bildirdi: "Men oʻzim urishni istagan golni u kiritdi va bundan behad xursand boʻldim". Luis de la Fuentes bilan boʻlgan suhbat haqida gapirar ekan, Morata murabbiyga minnatdorchilik bildirib, barcha omad tilaganini qoʻshimcha qildi.






























Izohlar 0
…