Shu bir hafta O‘zbekiston futboli tarixida yangi yorqin sahifani ochishi mumkin. Ikkita o‘ta muhim o‘yin va undagi g‘alaba milliy jamoamizni JCh-2018 final bosqichiga olib chiqadi.
Ha, bu ishni amalga oshirish oson bo‘lmaydi, lekin uddalash mumkin.
Ko‘pchilikning fikricha, termamiz bosh murabbiyi Samvel Babayan taktika tanlash, shogirdlarini o‘yinga tayyorlash bobida xitoylik va koreyalik hamkasblariga yon beryapti. Bu fikrga ko‘p jihatdan qo‘shilish mumkin.
Ayniqsa, italiyalik Marchello Lippi masalasida. O‘z vaqtida Italiya termasini jahon chempioniga aylantirgan mutaxassis kelgach, Chin yurti vakillari o‘yinida ijobiy o‘zgarish kuzatildi.
Biz oldinda turgan ikki bellashuv yuzasidan taniqli futbol sharhlovchisi Davron Fayziyevdan intervyu oldik(Suhbat 28 avgustda o‘tkazilgan).
- Davron, hozirda ko‘pchilik milliy jamoamiz bosh murabbiyini aniq bir o‘yin uslubi, taktikasi yo‘qligi, o‘yinning borishiga qarab, uni o‘zgartirib yuborish qobiliyatiga ega emaslikda ayblayapti. Bu masalada fikringiz qanday?
- Bilasizmi, Xitoy termasini shu paytgacha mag‘lub etib kelganmiz va bu borada ortiqcha muammoga duch kelmaganmiz. Navbatdagi to‘qnashuvimizda ham g‘alaba qozonishimizga ishonyapman.
Garchi Chin yurti jamoasiga Marchello Lippi ustozlik qilayotgan bo‘lsada, futbolchilarimiz bu ishni uddalay olishadi.
Saviya bo‘yicha taqqoslasak, biz Xitoydan ustunmiz. Termamiz tarkibida tajribali ijrochilar jamlangan. Aynan shu tomondan ham bizning ustunligimiz bor.
- To‘g‘riku-ya, lekin italiyalik mutaxassis qisqa fursatda Xitoy termasi o‘yinini ijobiy tomonga o‘zgartira oldi. Shu jihatdan 31 avgust kuni o‘tkaziladigan bahsda xitoyliklar bizga chinakam bosh-og‘riq bo‘lishlari mumkin...
- Fikringizga qo‘shilaman. Lekin Lippi shu kungacha o‘z darajasidan past o‘yin namoyish etgan Xitoyni asl darajasiga olib chiqa oldi, xolos. Hech qachon boshdan baland sakrab bo‘lmaydi.
Shaxsan men hozirgi Xitoy darajasini O‘zbekiston termasidan ustun deb hisoblamayman. Agar saviyamiz ularnikidan past bo‘lsa, unda jahon chempionatiga chiqib nima qilamiz?
Mundial yo‘llanmasi uchun kurashayotgan jamoa oldida Xitoyni mag‘lub eta olarmikan, degan savollarning paydo bo‘lishi biroz kulgili holat. Tarkibimizdagi futbolchilarning aksariyati tajribali. Ularda hech qanday qo‘rquv yo‘q. Shunchaki, bu futbolchilarga kayfiyatni bera olish kerak.
- O‘sha kayfiyatni kim beradi?
- Birinchi navbatda, futbolchilarning o‘zlari bunga ishonishlari lozim. Ya’ni, ularda Xitoy va Janubiy Koreya termalarini mag‘lub etishga zarracha shubha qolmasligi darkor.
Ikkinchidan, bosh murabbiy muhim o‘yinlar oldidan shogirdlarining ruhiyatini ko‘tara olishi shart. Uchinchidan, muxlislar futbolchilarga ishonch bildirib, ularga muhim pallada ruhiy dalda bo‘lishlari kerak.
Agar hozir o‘yinchilar, murabbiylarga tanqid toshlari otishda davom etilsa, bu zararga ishlashi mumkin. Shu bois, hamma yagona maqsad yo‘lida birlashishi lozim.
- Keling, maydonni shaxmat doskasiga qiyoslaymiz. Uning ikki tomonida grossmeysterlar, ya’ni bosh murabbiylar, taxtadagi sipohlar esa - futbolchilar. Ikki grossmeys-ter - Lippi va Babayanning taktik yurishida kimni ustun deb hisoblaysiz?
- Marchello Lippiga alohida ta’rif berish shart bo‘lmasa kerak. Shu jihatdan olib qarasak, bu ikki murabbiyni solishtirish, taqqoslashga hojat yo‘q. Hamma kimning ustun ekanligini juda yaxshi bilib turibdi.
Lippi jahon futbolida olamshumul yutuqlarga erishgan. Marchelloning birgina Italiyani jahon chempioni qilganining o‘zi ko‘p savollarga javob beradi. Shaxsiy fikrim, bu o‘yin-da ko‘p narsa futbolchilarga bog‘liq bo‘ladi.
Agar ular chindan ham mundialga chiqishni istashsa, raqibni mag‘lub etishadi. Buyuk Xitoy devori mahv etilsa, Toshkentdagi bahs chinakamiga finalga aylanadi. Bu superuchrashuv barcha rekordlarni yangilaydi.
- Aksariyat mutaxassislar va muxlislarning fikricha, hozirgi Janubiy Koreya avvalgidek kuchli emas, garchi tarkibida yulduzlari bo‘lsa ham...
- Ushbu mamlakat futboli rahbarlari Qatardan qabul qilingan mag‘lubiyatdan so‘ng jamoaga mahalliy mutaxassisni bosh murabbiy etib tayinlashdi. Hozir koreyalik mutaxassisning termada qanday islohotlar olib borayotganini bilmaymiz.
Nafaqat biz, balki milliy jamoamiz murabbiylar shtabi ham bundan bexabarlar, hoynahoy. Bilganimiz, u J.Koreya olimpiya termasini Olimpiadaga olib chiqib, mazkur musobaqadagi munosib ishtirokni ta’minladi.
Demak, bu mutaxassisning qanday salohiyatiga ega ekanligi shundoq ko‘rinib turibdi. Agar o‘sha yondashuv, o‘sha o‘yin bo‘lsa, koreyaliklardan katta xavf kutish mumkin.
Eshitishimcha, 5 sentyabr kungi bahsda raqiblarimizning ayrim yulduzlari maydonga tushmas ekan. Bu yaxshi xabar. Zero o‘zaro uchrashuvlarda aynan koreyaliklarning yetakchilari o‘yin taqdirini hal qilib kelishgan.
J.Koreya - Eron to‘qnashuvi natijasini kutib o‘tirish kerak emas. Chunki hozir hammasi o‘z qo‘limizda, ikkita bahsda zafar quchsak, jahon chempionati eshiklari biz uchun ochiladi.
- «Uzreport» telekanali bu mavsum o‘z muxlislariga qaysi chempionatlarni namoyish etishni rejalashtirgan?
- Birinchi navbatda, YeChL va YeL uchrashuvlarini aytib o‘tish lozim. Qolaversa, o‘tgan mavsumda bo‘lgani kabi, muxlislar Ispaniya va Angliya chempionatlarining jonli translyatsiyalaridan ham bahramand bo‘lishlari mumkin.
Manba: interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar