22:41 / 21.09.2017
5 565

Ashxobod-2017: Beshinchi kun delegatsiyamiz uchun sermahsul o‘tdi

Ashxobod-2017: Beshinchi kun delegatsiyamiz uchun sermahsul o‘tdi
Bunga qadar sportchilarimiz medallar jamg‘arish masalasida mezbonlardan so‘ng Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Tailand, BAA, Hindiston delegatsiyalarini oldinga o‘tkazib yuborib umujamoa hisobida sakkizinchi o‘ringa joylashib olishgandi. Beshinchi kungi bellashuvlarda terma jamoamiz a’zolari 4 ta oltin, 7 ta kumush va 7 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, umumiy 57 ta medal bilan kuchli uchlikka ko‘tarilib olishdi.

To‘rtta medaldan uchtasini delegatsiyamiz hisobiga belbog‘li kurashning klassik usulida gilamga chiqqan polvonlarimiz keltirgan bo‘lsalar, yana bitta oltin milliy sportimiz -Kurash bo‘yicha bellashuvlarda qo‘lga kiritildi.

Belbog‘li kurash bellashuvlarida bu safar polvonlar klassik usulda o‘z omadlarini sinab ko‘rishdi. Final bahslariga yetti nafar hamyurtimiz yetib keldi. Ulardan uchtasi hal qiluvchi bahsda g‘alaba qozonib oltin medallarga sazovor bo‘ldi. To‘rttasi esa kumush medal bilan kifolyalandi.

E’tiborlisi, chempionlikni tantana qilgan uchchala sportchimiz ham finalda mezbonlar ustidan zafar quchishdi. Vazni 70 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bahida Xusniddin Ro‘ziyev turkmanistonlik Xangeldi Allakovni, - 90 kg. vazn toifasida Obidali Mavlonov mezbonlarning yana bir vakili Ovazgeldi Berdiyevni, eng og‘ir vazndagi polvonimiz Sherzod Rahimov esa Axal Ballarovni taslim qilib shohsupaning eng yuqorisiga ko‘tarilishdi.

Kechadan shuningdek, kurash bo‘yicha bellashuvlar ham start oldi. Milliy sportimiz bo‘yicha tashkil etilgan bahslarning birinchi kunida uch nafar hamyurtlarimiz o‘z omadlarini sinab ko‘rishdi. Rinata Ilmatova (+87 kg.), Rahima Yo‘ldosheva (-87 kg.) va Iskandar Hakimjonov (-60 kg.)lar orasida faqatgina Rahima Yo‘ldosheva finalga qadar yetib keldi. Hal qiluvchi bahsda Rahima turkmanistonlik Shirin Kubayevani mag‘lub etib oltin medalga ega chiqdi.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, belbog‘li kurashning klassik yo‘nalishida to‘rt nafar vakilimiz kumush medalga sazovor bo‘ldi. – 50 kg. vazn toifasida Shahzoda Ergasheva kecha musobaqadagi uchinchi kumush medalini qo‘lga kiritdi. Bunga qadar an’anaviy va belbog‘li kurashning erkin usullarida ikkinchi o‘rinni egallagan Shahzoda bu safar belbog‘li kurashning klassik yo‘nalishida ham kumush medaliga loyiq ko‘rildi.

-65 kg. vazn toifasidagi qizimiz Dilafruz Mamajonova Osiyo o‘yinlarida ikkitadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritib ulgurdi. Kecha Dilafruz finalda mezbon sportchi Gulnar Xayitbayevaga imkoniyatni boy berib delegatsiyamiz hisobiga navbatdagi kumush medalini qo‘shib qo‘ydi. Shuningdek, Islomjon Qo‘ldoshev (-100 kg.) va Eldor Ne’matov (-80 kg.)lar kechagi bahslar yakuniga ko‘ra shohsupaga ko‘tarilib, kumush medalini qo‘lga kiritishdi.

Osiyo o‘yinlarida og‘ir atletika bo‘yicha ham bahslar qizg‘in pallasiga kirdi. Kecha ikkita vazn toifasida bellashuvlar bo‘lib o‘tdi va ularning har ikkalasida vakillarimiz kumush medaliga ega chiqishdi.

Qizlar o‘rtasida – 58 kg. vazn toifasida chiqish qilgan Muattar Nabiyeva dast ko‘tarishda 94 kg., siltab ko‘tarishda 118 kg., umumiy 212 kg. tosh ko‘tarib ikkinchi o‘rinni egalladi va kumush medaliga loyiq ko‘rildi.

Erkaklar o‘rtasida -69 kg. vazn toifasida bahslarga kirishgan Rio-2016 Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Doston Yoqubov dast ko‘tarishda 139 kg., siltab ko‘tarishda 177 kg., summada 316 kg. og‘irlikni o‘ziga bo‘ysundirib ikkinchi o‘rinni egalladi va delegatsiyamiz hisobiga kumush medalini qo‘shib qo‘ydi.

Og‘ir atletika bo‘yicha terma jamoamiz Osiyo o‘yinlarining asosiy favoritlari qatorida e’tirof etilmoqda. Bizni oldinda og‘ir vazndagi polvonlarimiz ishtirokidagi bahslar kutib turibdi. Shunday ekan Shahzod Xudoyberganov, Farxod Sobirov, Ivan Yefremov va Rustam Jangabayevlardan ham oltin medallarni kutib qolamiz.

Yengil atletika bo‘yicha bellashuvlarning so‘nggi kunida terma jamoamiz a’zolari bittadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritishdi. Yadro uloqtirish bahslarida Yelena Smolyanova 15.60 metr natijasi bilan kumush medaliga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Marat Xaydarov ko‘pkurash bahslarida bronza medali bilan taqdirlandi.

Yengil atletika bo‘yicha musobaqalar yakuniga yetdi va bugun ertalab terma jamoamiz a’zolari Toshkentga jo‘nab ketishdi. Osiyo o‘yinlarida yengil atletikachilarimiz tomonidan 1 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medali qo‘lga kiritildi.

Aytib o‘tganimizdek, kechagi bahslar yakuniga ko‘ra yana olti nafar vakilimiz bronza medallariga sazovor bo‘lishdi. Belbog‘li kurashning klassik usulida Odiljon Suyunov (+100 kg.), Xusan Nosirov (- 55 kg.), Fayzulla Ummatov (- 60 kg.) va Havasxon Jo‘raqo‘ziyeva (- 65 kg.), muaytayda Ubbiniyaz Tureniyazov (- 81 kg.) va taekvondo bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda Niyoz Po‘latov (- 58 kg.) bronza medallariga ega chiqishdi.

Ayni paytda O‘zbekiston delegatsiyasi hisobida 7 ta oltin, 16 ta kumush va 34 ta bronza, umumiy 57 ta medal bor va ushbu natija evaziga terma jamoamiz Turkmaniston va Eron delegatsiyalaridan so‘ng uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Kuchli beshlikka shuningdek, Qozog‘iston va Xitoy delegatsiyalari ham kirishgan.

Musobaqalar davom etadi.

Manba: uff.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ashxobod-2017: Beshinchi kun delegatsiyamiz uchun sermahsul o‘tdi