23:09 / 28.12.2017
6 935

Murod Aliyev: “Vaqt o‘tyapti, xalq kutyapti, lekin natija yo‘q”

Murod Aliyev: “Vaqt o‘tyapti, xalq kutyapti, lekin natija yo‘q”
Toshkentning “Bunyodkor” klubi bosh direktori Murod Aliyev O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan o‘zgartirishlar haqida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.

“O‘zbekiston futbol federatsiyasi rahbariyatining asosiy maqsadi bitta – bu ham bo‘lsa yurtimizda futbolni rivojlantirish.
Ana shu yo‘lda federatsiya rahbariyati tomonidan bir qator islohotlar o‘tkazilmoqda. Klublar, murabbiylar, futbolchilar oldiga jiddiy talablar qo‘yilmoqda.

Bir tomondan olib qaraganda, bu talablar juda ham qat’iydek tuyuladi. Boshqa tomondan esa bu talablar o‘rinli.
O‘tgan 26 yil davomida terma jamoamiz Jahon chempionati va Olimpiadaga chiqa olmadi.

Vaqt o‘tyapti, muxlislar kutyapti, xalq kutyapti, lekin natija yo‘q. Vaziyatning o‘zi o‘zgarishlarni talab qilmoqda.
Masalan, klublarni litsenziyalash bo‘yicha qo‘yilayotgan talablardan biri bu har bir klubning o‘z akademiyasi bo‘lishi. Bu juda to‘g‘ri talab.

Hozirgi kunda yosh futbolchilarimizni mahoratini oshirmasak, ularni to‘g‘ri saralab ololmasak, yaxshi natijaga erishib bo‘lmaydi.
Yana bir masala, Superligada 12 ta klubning ishtirok etishi. Bu chempionatimizning saviyasini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan islohot.

Milliy chempionatimizda ishtirok etayotgan ayrim jamoalarda formatning o‘zgarishi nega oldinroq e’lon qilinmadi, degan ma’noda e’tiroz bo‘lyapti. Shu o‘rinda savol tug‘iladi.

Agar mavsum yakuni bo‘yicha Oliy ligada 12 ta jamoa qolishi avvalroq e’lon qilinganda, “Neftchi” kabi quyi o‘rinlarda borayotgan jamoalar boshqacharoq o‘yin namoyish qilgan bo‘larmidi?
Har bir jamoa professionallikka intilib, o‘zi ishtirok etayotgan chempionatda faqat yuqori o‘rinlar uchun kurashishi kerakmasmi?

O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlardan yana biri bu Superligada ishtirok etadigan jamoa futbolchilaridan normativlar qabul qilish.

Bunday normativlarni qabul qilish, futbolchilar jismoniy holatini nazorat qilish umuman olganda birinchi navbatda har bir jamoaning o‘zi uchun muhim.

Oxirgi o‘yinlar futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi past ekanini ko‘rsatib bermoqda. Shundan xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, normativlar futbolimiz rivoji uchun kerak.

Kelasi mavsumda bizni yangilangan chempionat kutmoqda. Men shu o‘rinda muxlislarga murojaat qilmoqchiman.

Stadionlarga kelinglar, futbol birinchi navbatda Siz muxlislar uchun. To‘g‘ri, ba’zan Siz muxlislik qiladigan jamoangiz mag‘lubiyatga uchrashi, kutilgan natijani qayd qila olmasligi mumkin.

Mana shunday paytlarda muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi juda muhim. Futbol baribir muxlislar bilan go‘zal”, - deydi “Bunyodkor” klubi bosh direktori Murod Aliyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Bunyodkor” klubi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ham O‘FF amalga oshirayotgan ishlar haqida fikrlarini bildirib o‘tgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Murod Aliyev: “Vaqt o‘tyapti, xalq kutyapti, lekin natija yo‘q”