23:16 / 05.01.2018
5 305

Umid Ahmadjonov: "Xalqimiz futboldagi katta g‘alabalarni kutmoqda"

Умид Аҳмаджонов: "Халқимиз футболдаги катта ғалабаларни кутмоқда"
Bugun Toshkent shahridagi "Miran" mehmonxonasida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasini Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatiga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov , federatsiya mas’ullari, murabbiylar, futbolchilar va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov murabbiy va futbolchilarga murojaat qilar ekan, jumladan, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:

"Yangi yildagi ilk nufuzli musobaqa arafasida turibsizlar. Bu musobaqada Sizlardan faqat va faqat g‘alaba kutib qolamiz. Milliy terma jamoamiz Jahon chempionatiga chiqa olmagach, xalqning futboldan ko‘ngli bir oz sovudi. Endi yana muxlislarni futbolga qiziqtirish, o‘zbek futboliga nisbatan bo‘lgan mehrni qaytarish kerak. Buni Sizlar amalga oshirasizlar. Xalqimiz futboldagi katta g‘alabalarni kutmoqda.

Sizlar uchun qanday shart-sharoit kerak bo‘lsa, barchasini muhayo qilib beramiz. Hozirda Prezidentimiz muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning o‘zbek futbolini rivojlantirish to‘g‘risidagi Qarorlari tayyorlanmoqda. Yaqinda ushbu qarorga imzo qo‘yiladi. Mazkur Qaror yurtimizda futbolni yangi bosqichga olib chiqish, o‘zbek futboli saviyasini oshirish uchun katta turtki bo‘ladi.

Shuni unutmangki, ortingizda Prezidentimiz turibdilar, butun o‘zbek xalqi turibdi. Umid qilib qolamizki, Siz o‘zingizning chiroyli o‘yinlaringiz orqali bizlarni, butun o‘zbek xalqini xursand qilasizlar", dedi Umid Ahmadjonov.

O‘z o‘rnida terma jamoa bosh murabbiyi Ravshan Haydarov ham so‘zga chiqib, federatsiya tomonidan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi a’zolari uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar, o‘quv yig‘in mashg‘ulotlari uchun minnatdorchilik bildirib, futbolchilar va murabbiylar xalqning ishonchini oqlash uchun bor imkoniyatlarini ishga solishlariga va’da berib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, Olimpiya terma jamoamiz bugun tunda Xitoyga uchib ketishadi. Vakillarimiz Osiyo chempionatidagi ishtiroklarini 9 yanvar kuni Qatar terma jamoasiga qarshi o‘yin bilan boshlashadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 16:30da boshlanadi.

Manba: www.the-uff.com

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Umid Ahmadjonov: "Xalqimiz futboldagi katta g‘alabalarni kutmoqda"