«Siz tanimaydigan kuchli futbolchi» turkum maqolalarining yangi qahramoni - Niklas Shtark.
- Bolaligimdan yetakchi bo‘lishni xohlaganman. Murabbiylarim bu borada meni hamisha qo‘llab-quvvatlashgan, o‘shandayoq maydonda jarayonni boshqarishim, ko‘p mas’uliyatni zimmamga olishim kerakligini uqtirishgan.
Hattoki, sardorlik vazifasini ham menga topshirishgan, - deydi Shtark.
Oradan hech qancha muddat o‘tmadi va 2014 yilning yozida Niklas sardor sifatida Germaniya termasini Yevro U-19 finaliga olib chiqdi. Bu paytga qadar u «Nyurnberg» safida Bundesligada 24ta o‘yin o‘tkazib ulgurgandi. Klub mutasaddilari yosh tarbiyalanuvchining sha’niga maqtovlar yog‘dirib, uning termadagi obro‘si yuksak mahoratidan dalolat ekanini ta’kidlashgandi.
O‘tgan yilning yozida Shtark yoshlar o‘rtasidagi Yevropa chempionati g‘olibiga aylanib, yangi avlod vakillarini shug‘ullantiruvchi murabbiylarga ham o‘zidagi yetakchilik qobiliyatini ko‘rsatib qo‘ydi. Niklasning ta’kidlashicha, maydondagi bunday rol kuchli jihatlarini ko‘rsatishda yordam beradi.
- Menimcha, maydondagi yetakchi - tushkunlikka tushgan sherigini hali hech narsa yo‘qotilmaganiga ishontirib, kurashishda davom etishga undaydigan kishi, - deydi Shtark.
Niklas bu borada Jerrardni kumir hisoblaydi. 2005 yilgi o‘sha mashhur finalni u «Milan» muxlisi hisoblanuvchi ukasi bilan birga kuzatgan, o‘zi esa «Liverpul»ga ishqibozlik qilgandi.
Tanaffusgacha 0:3 hisobi qayd etilgach, Shtark xonadan chiqib ketgan, ammo Stivenning golidan so‘ng qaytib, uchrashuvni oxiriga yetkazib qo‘ygandi.
- Jerrard kerakli paytda to‘g‘ri harakat qilgan, jamoasiga ishonch ulashgan - bu esa yetakchining asosiy vazifasi. Ayniqsa, menga uning sheriklariga imo-ishoralar bilan ko‘rsatmalar bera olishi yoqadi. Maydondagi sheriklar bir-birlarini so‘zsiz tushunishlari juda muhim, - deydi Niklas.
Shtark 22 yoshida Bundesligada yuzdan ortiq o‘yinda maydonga tushdi, Berlinning «Gerta» klubidagi sheriklari esa uni kiyinish xonasida yaqqol yetakchi ekanini ta’kidlashadi.
Niklas biroz kamtarlik qilib, shunchaki, ko‘proq suhbatlashishi va jamoa yaxlitlikni saqlab qolishi uchun bor kuchini sarflayotganini aytadi. Uning uchun yagona yetakchi va o‘qituvchi yo‘q, hamma bir-biridan o‘rganishi, bilmaganini so‘rashdan qo‘rqmasligi muhimroq.
U qanday o‘ynaydi?
Niklas uchun qadrdon pozitsiya - himoya markazi. «Nyurnberg»dagi dastlabki o‘yinlari va Germaniya yoshlar termasidagi bahslarni aynan shu chiziqda o‘tkazgan.
Shtarkning aytishicha, tajribali Sebastyan Langkamp bilan juftlikda o‘ynash unga ishonch bag‘ishlagan, turli maslahatlar olib, savollariga javob topgan.
Biroq qishda Sebastyan «Verder»ga ketgach, Niklas mudofaa chizig‘idagi bor mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga majbur bo‘ldi. Endilikda Shtarkdan ko‘p hollarda sheriklariga tavsiya berish talab etiladi, bunga esa ko‘nikish osonmas. Himoyachidagi klassik ko‘nikmalar borasida Niklasda muammo yo‘q.
U hamisha vaziyatni to‘g‘ri baholaydi, ayniqsa, yuqoridan yo‘llanadigan uzatmalar payti boshini tez-tez qimirlatadi. Shu tariqa asosiy e’tiborni to‘pga emas, qo‘riqlayotgan raqibga qaratish imkoni oshadi. Bundan tashqari, Shtark mavsumning ikkinchi qismida yakkakurashlarning 65 foizida ustun keldi - bu ligadagi eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biri.
«Gerta» bosh murabbiyi Dardai joriy mavsumdan boshlab Niklasdan tayanch yarim himoyasida foydalanmoqda. Futbolchining o‘zi bu rol biroz noqulayligi, ushbu pozitsiyada o‘ynash uchun jismoniy holatini yanada yaxshilashi lozimligini tan oldi. Binobarin, murabbiyning qarorini tushunish mumkin.
Shtark dastlabki pasni yo‘llashda ajoyib harakat qiladi, qolaversa, Germaniyadagi eng tezkor markaziy himoyachilardan biri hisoblanadi. Bu esa qarshi hujumlarga o‘tish chog‘ida «Gerta»ga naf keltirishi muqarrar (Berlin klubi tezkor hujumlardan so‘ng yaratilgan vaziyatlar bo‘yicha Bundesligada atigi 14-o‘rinda bormoqda).
Shtark o‘z intervyularida har bir o‘yindan so‘ng xatolarini tahlil qilishi, uchrashuvlar arafasida raqiblarining harakatlarini qayta-qayta ko‘rib chiqishini bir necha marotaba ta’kidlagandi.
O‘sish jarayonida o‘z ampluasida to‘p suradigan eng yaxshi futbolchilarni kuzatishni g‘oyat muhim biladi. Niklas o‘zi uchun eng yaxshi namuna sifatida Jorjo Kellinini ko‘rsatadi.
- Uning har bir yakkakurashda bor kuchini sarflashini anglash qiyin emas. U juda aqlli o‘yinchi. Kellini raqibidan to‘pni olib qo‘yishdan avval qayerda turishi lozimligini avvaldan rejalashtiradi.
Smartfonimda Jorjo ishtirokidagi bahslar videosi bor. Ularni ko‘rib chiqaman. Maqsadim - o‘yinni o‘qiy olish, to‘pning keyingi lahzada qayerda paydo bo‘lishini oldindan bilish, - deydi Shtark.
Kelajagi porloq
O‘tgan yilning yanvarida Tomas Tuxel boshchiligidagi Dortmundning «Borussiya»si Niklasga astoydil qiziqib, uning timsolida Xummelsga o‘rinbosarni ko‘rgandi.
Shuningdek, «Sautgempton»dan ham «sovchilar» borligi haqida ma’lumotlar tarqaldi. Ammo Shtark boshqa chempionatga o‘tishga shoshilmayapti, Bundesligani o‘sish uchun eng qulay liga hisoblaydi. Boz ustiga, unga berlinliklar ham o‘rganib qolishgan.
Ayni paytda «Gerta» murabbiylari va bosh menejeri Niklasning milliy termaga munosibligini ta’kidlashmoqda. Bu paytda esa futbolchining o‘zi kamtarlikni saqlab qolmoqda: mamlakat bosh jamoasida o‘ynash orzusi ekani, niyatiga yetish uchun hamma narsaga tayyorligini ko‘p ta’kidlaydi.
Uni tez orada Germaniya termasiga chaqirishadi, bunga shubha qilmasangiz bo‘laveradi.
O‘.UMAROV tayyorladi
Manba: www.interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi