16:15 / 31.05.2018
2 973

Sanjar Tursunov: “Har bir futbolchi Vatani terma jamoa­si libosida maydonga tushishni orzu qiladi”

Санжар Турсунов: "Ҳар бир футболчи Ватани терма жамоа­си либосида майдонга тушишни орзу қилади"
Qatar yulduzlar ligasining yakunlangan mavsumida “Al-Duhayl” katta ustunlik bilan mamlakat chempioni bo‘ldi.

Ikki klubning birlashishidan tashkil topgan jamoa chempionatni mag‘lubiyatsiz yakunladi. 22ta o‘yindan roppa-rosa 60 ochko jamg‘argan ushbu klub eng yaqin ta’qibchisi - Xavi sardorligidagi “Al-Sadd”ni 11 ochkoga ortda qoldirdi.

“Al-Rayyan” esa 43 ochko bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi. Biz bejiz Qatar yulduzlar ligasi haqida so‘z boshlamadik. Yakuniga yetgan mavsum ushbu arab mamlakati chempionatida ikki hamyurtimiz to‘p surishdi.

Milliy terma jamoamiz hujumchisi Temurxo‘ja Abduxoliqov “Al-Sayliya”, yarim himoyachi Sanjar Tursunov esa “Haraytiyat” klubi sharafini himoya qildi. Abduxoliqov jamoasi mavsumni ko‘tarinki kayfiyatda boshlagan bo‘lsada, yakunda 28 ochko bilan 6-o‘rinni egalladi.

Tursunovning klubi uchun esa chempionat omadsiz keldi. “Haraytiyat” 16 ochko bilan turnir jadvalining oxiridan ikkinchi bo‘ldi.

Ham­yurtimiz deyarli barcha o‘yinlarda asosiy tarkibda maydonga tushib, jamoadoshlari orasida ajralib turdi. Qanot yarim himoyachisi bo‘lishiga qaramay, 4ta gol urishga erishdi.

Biz Doxa shahrida bo‘lib turgan Sanjar bilan bog‘lanib, undan intervyu oldik.

- Sanjar, jamoangiz mavsumni ancha omadsiz o‘tkazdi. Yakunda oxiridan ikkinchi bo‘ldinglar. Omadsizlikning asosiy sabablari nimada? Bunday bo‘lishiga yetarlicha asoslar bor edimi?

- Ha, albatta, buning yetarlicha sabablari bor edi. Birinchi turdagi omadsiz o‘yindan so‘ng murabbiylar tomonidan taktik o‘zgartirish kiritildi. Ikkinchi turda mutlaqo boshqacha uslubda o‘ynadik. Bu holat keyingi o‘yinlarda ham kuzatildi.

Hatto bitta uchrashuvda ikki xil taktikada harakat qilgan paytlarimiz ham bo‘ldi. Tabiiyki, bu holat jamoamizning o‘yiniga salbiy ta’sir o‘tkazdi. Endi bir o‘yin uslubiga o‘rgandik, deganda, yana o‘zgarishlar amalga oshirildi. Qolaversa, birinchi davraning o‘zida tarkib borasida muammolarga duch keldik.

Asosiy futbolchilarning ko‘pi jarohat olib, ma’lum muddatga safdan chiqishdi. Zaxira o‘rindig‘imizning torligi sabab yo‘qotishlar o‘rni munosib tarzda to‘ldirilmadi. Bu ham omadsiz ishtirokka sabab bo‘ladigan holat edi.

- Sizlardan yuqoriroq o‘rinlarni egallagan klublardan tarkib borasida ustunmidinglar yoki aksimi?

- Qatar yulduzlar ligasida 4-5ta klub boshqalardan ham tarkib, ham moliyaviy tomonlama yaqqol ustun. Ayniqsa, kuchli uchlikdan joy olgan jamoalar qolgan klublardan sezilarli darajada kuchli edi. Buni ochkolar nisbatiga qarab ham bilib olishingiz mumkin.

Shu 4-5ta jamoa­dan tashqari qolgan klublarning saviyasi deyarli bir xil. Masalan, o‘tgan yili biz chempionatni 7-o‘rinda yakunlagandik. Vaholanki, o‘shanda tarkib bo‘yicha kuchliroq bo‘lgan jamoalar bizdan pastroq o‘rinlarni band etishgandi.

Futbolda buni aniq bir sabab bilan izohlash qiyin. Omadsiz ishtirokning asosiy sabablari sifatida yuqorida aytgan fikrimda qolaman. Muvaffaqiyatsiz ishtirokimizga tarkibdan ko‘ra, har bir o‘yindagi o‘zgaruvchan taktikalar sabab bo‘ldi.

- Klub rahbariyati mavsum yakunlari va tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdimi? Agar o‘tkazgan bo‘lsa, unda nimalar haqida so‘z bordi?

- Yo‘q, mavsum yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilmadi. So‘nggi turda g‘alaba qozondik va yulduzlar ligasidagi o‘rnimizni saqlab qoldik. O‘sha uchrashuvdan so‘ng klub rahbariyati o‘yin va g‘alaba uchun minnatdorchilik izhor qildi.

Keyin Qatar futbol federatsiyasining mavsum yakunlariga bag‘ishlangan tadbiri o‘tkazildi va unda biz ham ishtirok etdik. Eng muhimi, kuchlilar safida qolish vazifasini uddaladik. Vaholanki, chempionat boshidagi salohiyatimiz bilan yuqoriroq o‘rinlarga munosib edik.

- Qatardagi faoliyatingiz haqida nima deya olasiz? So‘nggi mavsumdan ko‘nglingiz qisman bo‘lsada to‘ldimi?

- Afsuski, o‘tgan mavsumdan ko‘nglim to‘lmadi. Ishoning, o‘tkazilgan o‘yinlarda faqat darvozani qo‘riqlamadim. Qolgan barcha pozitsiyalarda o‘ynab chiqishimga to‘g‘ri keldi.

Har ikkala qanot yarim himoyasida, hujumchi ortida, tayanch yarim himoyachi zonasida, mudofaaning o‘zida va hattoki, sof hujumchi rolini ham bajardim. Murabbiylar ham majburligidan shunday yo‘l tutishdi. Jarohatlangan va diskvalifikatsiyaga uchragan futbolchilar me’yoridan oshib ketgandi.

Ularning o‘rnini to‘ldirish, kemtiklarni berkitish maqsadida boshqa chiziq vakillari ham “hashar”ga oshiqishdi. Butun mavsum davomida o‘z pozitsiyamda harakatlana olmaganim uchun ham o‘yinimdan ko‘nglim to‘lmadi.

- Qatar chempionatidagi faoliyatingiz orqali o‘sishga erishdingizmi yoki...?

- Har bir mavsumning o‘ziga yarasha yutuq va kamchiliklari bo‘ladi. Xorij chempionatidagi o‘yinlarda, baribir, ijobiy jihatlar ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Ko‘zga ko‘ringan legionerlar o‘ynaydigan chempionatda shunga yarasha tajribangiz ham oshib boraveradi.

Lekin taqqoslaydigan bo‘lsam, Ukraina va Rossiya chempionatlaridagi ishtirokimdan ko‘ra, Qatarda ko‘proq futbolchi sifatida o‘sishga erishdim. Bejizga yulduzlar ligasi deb yuritilmaydi.

Chempionatda jahon yulduzlari yetarli va ularga qarshi kechgan o‘yinlarda tajribamni oshirib bordim. Ko‘ngilni xira qiladigani esa - jamoamizning muvaffaqiyatsizlikka yuz tutgani.

Bitta g‘alaba quyi ligaga tushib ketmasligimizga xizmat qildi. Biz 16 ochko jamg‘argan bo‘lsak, so‘nggi pog‘onadagi “Al-Markiya” 13 ochko bilan quyi divizionga tushib ketdi.

- Endigi rejalaringiz qanday? Qatarda qolasizmi yoki boshqa variantlarni ko‘rib chiqasizmi?

- “Haraytiyat” bilan amaldagi shartnomam bir necha kundan so‘ng, aniqrog‘i, 1 iyun sanasida yakunlanadi. Ayni payt bir nechta Qatar klublari bilan muzokara olib bor­yapmiz. Agar hammasi joyida bo‘lsa, yangi mavsumni ham yulduzlar ligasida boshlayman. Hozircha bu borada aniq bir ma’lumot yo‘q.

- O‘zbekiston chempionatiga qaytishingiz ham mumkinmi?

- Bilmadim. Menimcha, yangi mavsumni ham legioner sifatida xorij klublarining birida o‘tkazsam kerak. Qatardan aniq takliflar bor. Yaqinlarim bilan maslahatlashgan holda eng maqbul variantni tanlaymiz.

- Milliy terma jamoamizdagi o‘zgarishlarni kuzatib boryapsizmi? Bu borada fikringiz qanday?

- Jahon chempionatiga chiqa olmaganimizdan keyin futbolimizda keskin o‘zgarishlar kuzatilishi shart edi. Amalda ham shunday bo‘ldi. Federatsiya rahbariyati yangilandi. Deyarli har kuni o‘zbek futbolida hech bo‘lmasa bitta yangilik bo‘lyapti.

O‘ylaymanki, bu o‘zgarishlar albatta, o‘z mevasini beradi. Katta hajmdagi islohotlar olib borilmoqda. FIFA va OFK tashkilotlari, dunyoning futboli taraqqiy etgan davlatlari futbol federatsiyalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolanyapti.

Albatta, bu sa’y-harakatlar besamar ketmaydi. O‘zgarishlar samarasi o‘laroq, keyingi jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham mundialda ishtirok etadi.

- Eron, Marokash va Senegal terma jamoalariga qarshi kechgan o‘rtoqlik o‘yinlarini ko‘rdingizmi? Shu tarkib va o‘yin uslubi bilan ijobiy natijalarga erishish mumkinmi?

- Terma jamoamizning uchala o‘yinini ham televizor orqali kuzatdim. Afrika terma jamoalariga qarshi eng kuchli tarkibimiz o‘ynadi, deyish mumkin. Marokash va Senegal Rossiyadagi jahon chempionati ishtirokchilari hisoblanadi.

Ularning kuchiga ortiqcha ta’rif berish ham shart emas. Federatsiya tashabbusi bilan shunday kuchli jamoalarga qarshi o‘ynayotgan ekanmiz, demak futbolimizda o‘zgarishlar bo‘lyapti. Eron terma jamoasiga qarshi esa yoshartirilgan tarkib harakat qildi.

Asosan olimpiya terma jamoasi yoshidagi futbolchilar o‘ynashdi. Lekin shaxsan menga ularning o‘yi­ni, intilishi, harakatlari yoqdi. Umuman olganda, hozirgi tarkib ham, JCH-2018 saralashida o‘ynagan jamoa ham o‘ziga yarasha kuchli edi.

Afsuski, saralashning so‘nggi o‘yinlaridagi omadsizlik sabab jahon chempionati yo‘llanmasidan alamli tarzda mahrum bo‘ldik. Mundial chiptasini qo‘shqo‘llab raqiblarga topshirdik.

O‘sha payt nima bo‘lgani, ayb kimda ekanligini men aytmasam ham hamma biladi. Keling, shu bois u o‘yinlarni eslamaymiz. Eslagan sari dard yangilanaveradi.

- Terma jamoadan chaqiruv olishdan umidingizni uzdingizmi?

- O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan har bir futbolchi o‘z Vatani terma jamoa­si libosida maydonga tushishni orzu qiladi. Bitta o‘yinda bo‘lsa ham maydonda harakat qilish baxt hisoblanadi.

Terma jamoaga yangi murabbiy ta­yinlanishini men ham ko‘pchilik qatori kutyapman. Hali chaqiruvdan umidimni uzganim yo‘q. Faoliyatimni tugatish haqida o‘ylamayapman. Shu sababli har kuni milliy jamoadan chaqiruv bo‘lishini intizorlik bilan kutyapman.

Menimcha, termaga nomzod bo‘lgan, kengaytirilgan tarkibdan joy olgan har bir futbolchida xuddi mendagi istak bor. O‘ylaymanki, hali bosh jamoamiz libosida maydonga tushish nasib etadi.

- O‘zbekiston Superligasini kuzatib borayotgan bo‘lsangiz kerak? Agar shunday bo‘lsa, shu kungacha o‘tkazilgan o‘yinlar haqida nima deya olasiz?

- Chempionat nomi Superligaga o‘zgartirilishining o‘zi yangilik sari tashlangan ilk qadam edi. U o‘z nomiga mos tarzda o‘tkazilyapti. Buni hech ikkilanishsiz aytishim mumkin. Har bir turda kamida bitta yoki 2-3ta kutilmagan natijalar qayd etilyapti.

Agar ana shunday kutilmagan natijalar kuzatilmasa, u chempionatning saviyasi past bo‘ladi. Qolaversa, turning deyarli barcha o‘yinlari jonli tarzda efirga uzatilayotgani ham ajoyib yangiliklardan biri bo‘ldi.

Futbol muxlislari shiddatli bahslarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomosha qilish imkoniyatini qo‘lga kiritishdi. Bir so‘z bilan aytganda, chempionatimizda o‘sish ko‘zga tashlanyapti va bundan hamma xursand.

- Yevropa Chempionlar Ligasi finalida “Real” va “Liverpul” jamoalari to‘qnash kelishadi. Bu uchrashuvdan nima kutyapsiz? Qaysi jamoaga muxlislik qilasiz?

- Juda yaxshi o‘yin bo‘ladi, deb o‘ylayman. Ikkala jamoaning o‘yin uslubi turlicha. Bir-biriga o‘xshamaydi. Hozirdan aytish mumkinki, stadionga tashrif buyuradigan muxlislar ham, o‘yinni televizor qarshisida tomosha qiladiganlar ham aslo zerikib qolishmaydi.

“Liverpul” hujumkor futbol namoyish etadigan jamoa. Ko‘ramiz, “Real” bu taktikaga qanday o‘yin bilan javob berar ekan. Men “Liverpul”ga muxlislik qilaman.

- Jahon chempionati boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. Rossiyadagi mundialda qaysi jamoaga ishqibozlik qilasiz va sizningcha, qaysi ishtirokchi yakunda chempion bo‘ladi?

- Ochig‘ini aytsam, Rossiya termasiga muxlislik qilaman, garchi bu jamoaning imkoniyatlari juda ham yuqori bo‘lmasada. Albatta, chempionlikka da’vogarlar yetarli.

Germaniya va Argentinani alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Belgiya shov-shuv ko‘tarishi mumkin. Messi uchun ham Argentina terma jamoasi jahon chempioni bo‘lishini xohlardim.

- Ta’til qanday o‘tyapti?

- Ta’til boshlanganiga ancha bo‘ldi. Ispaniyaga sayohat uyushtirdim. “Kamp Nou” stadionida “Barselona” va “Atletiko” jamoalari uchrashuvini tomosha qildim. Kataloniyada 3-4 kun turib, keyin Madridga bordim.

Ispaniya poytaxtida ham 2-3 kun qoldim. Endi shu kunlarda O‘zbekistonga qaytib, ta’tilning so‘nggi qismini oila a’zolarim, yaqinlarim davrasida o‘tkazish taraddudidaman.

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sanjar Tursunov: “Har bir futbolchi Vatani terma jamoa­si libosida maydonga tushishni orzu qiladi”