14:45 / 02.06.2018
4 222

Umid Ahmadjonov JCH-2018ga yo‘l olgan Ravshan Ermatov guruhiga mundial oldidan oq yo‘l tiladi

Umid Ahmadjonov JCH-2018ga yo‘l olgan Ravshan Ermatov guruhiga mundial oldidan oq yo‘l tiladi
Xabaringiz bor, Osiyoning 5 karra eng yaxshi hakami, Jahon chempionati uchrashuvlarini boshqarish bo‘yicha rekord sohibi Ravshan Ermatov sanoqli kunlardan so‘ng Rossiyada boshlanadigan Jahon chempionatida o‘z guruhi bilan ishlash bo‘yicha ham FIFA tomonidan taklif olgan.

Ravshan Ermatov bugun Abduhamidullo Rasulov va Jahongir Saidovlar bilan birgalikda Rossiyaga yo‘l oladi FIFA hakamlari shtabiga joylashadi.

Ana shu safar oldidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida Milliiy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti va O‘FA 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Ravshan Ermatov va uning guruhini qabul qildi.

Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida Ravshan Ermatov va uning guruhidan tashqari komissar sifatida Olim Arifov hamda hakamlar nazoratchisi sifatida Farhod Abdullayevlar ishtirok etishadi. O‘zbek futboli tarixida birinchi marta Jahon chempionatida bosh hakam, laynsmenlar, hakamlar nazoratchisi va uchrashuv komissari to‘liq tarkibda ishtirok etishadi.

Umid Ahmadjonov uchrashuvda mana shu holatga alohida to‘xtalar ekan, bu ham bo‘lsa o‘zbek futbolidagi islohotlarning ijobiy samarasi ekanini alohida ta’kidlab o‘tdi.

“Ravshan Ermatov hozirda Jahon chempionatlarida 9ta o‘yinni boshqargan holda, rekord sohibi bo‘lib turibdi. Xudo xohlasa, Rossiyadagi mundialda ham uchrashuvlarni boshqarib, bu rekordni dunyodagi boshqa hech qaysi hakam takrorlay olmaydigan darajaga keltirib qo‘yishingizga tilakdoshmiz. O‘zbek xalqi, futbol muxlislari Siz bilan faxrlanishadi. Jahon chempionatida Braziliya, Argentina, Ispaniya, Fransiya kabi dunyoning kuchli terma jamoalari ishtirokidagi o‘yinni boshlab beruvchi hushtakni chalganingizda, Sizni ekran orqali tomosha qilib o‘tirgan muxlislarda, bizda til bilan ta’riflab bo‘lmaydigan faxr tuyg‘ulari uyg‘onadi.

Nasib qilsa, kelasi Jahon chempionatlariga katta delegatsiya bo‘lib, Milliy terma jamoalarimiz bilan birga borish nasib qilsin”, - dedi Umid Ahmadjonov. - Shu bilan birga Sizdan yana bir narsani so‘rab qolamiz. Jahon chempionatlarida ishtirok etadigan o‘zbek hakamlarining sonini oshirishda o‘z kuch va mahoratingizni, bilim va ko‘nikmalaringizni ayamay, yuqori saviyali shogirdlarni tarbiyalab bering.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi yosh hakamlarni malakasini oshirish barcha imkoniyatlarni yaratib bermoqda. Hakamlar va nazoratchilar qo‘mitasi boshlig‘i Ma’mur Saidqosimov boshchiligida hakamlar uchun xorijda va yurtimizda turli seminarlar tashkil qilinyapti. Biz bu ishlarni yana davom ettiramiz.

Shuningdek, bu safargi mundialda o‘zbek futboli tarixida birinchi marta komissar sifatida Olim Arifov ishtirok etayotgani barchamizni xursand qildi. Osiyodagi komissarlar ichida faqatgina hamyurtimiz Jahon chempionatida qatnashayotgani futbol muxlislarini ham quvontirayotganini futbol saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar orqali kuzatib boryapman. Men doimo saytlardagi izohlarni kuzatib boraman. Futbolda islohotlar o‘tkazish va kamchiliklarni bartaraf etishda izohlarda qoldirilayotgan fikrlarning ahamiyati katta. Hech kim o‘zini mutlaq aqlli, umuman xato qilmayman, deb ayta olmaydi. Shu sababli biz xalqning, muxlislarning fikriga quloq solgan holda futbolda islohotlar, samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga harakat qilmoqdamiz.

Jahon chempionatida Sizlarga muvaffaqiyat tilayman. O‘zbekiston sha’nini yuksaklarga ko‘tarishda davom etinglar”, - dedi Umid Ahmadjonov.

O‘z o‘rnida Ravshan Ermatov va uning guruhi ko‘rsatilgan e’tibor va ishonch uchun katta minnatdorchilik bildirib, o‘zbek hakamlarining saviyasini butun dunyoga yana bir bor ko‘rsatish uchun Jahon chempionatida bor mahoratlarini ishga solishga va’da berishdi.



arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Umid Ahmadjonov JCH-2018ga yo‘l olgan Ravshan Ermatov guruhiga mundial oldidan oq yo‘l tiladi