07:02 / 28.08.2018
2 813

Indoneziyadagi magʻlubiyat fojiamiz emas

Indoneziyadagi magʻlubiyat fojiamiz emas
Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi Janubiy Koreya bilan oʻtgan murosasiz oʻyinidan soʻng Toshkentga qaytishga majbur boʻladi. Raqiblar darvozamizga toʻrtta gol urishdi. Biz esa uch bora javob toʻpini kirita oldik. Aslida biz oʻz darajamizdagi birinchi oʻyinni oʻtkazdik!

Osiyo jamoalari haqida soʻz borganda Oʻzbekiston har qanday yosh toifasida Yaponiya, Koreya, Eron qatorida hisoblanishini xohlayman. Siz ham nazarimda. Babayan: “Osiyoda kuchsiz jamoa qolmadi” degan soʻzlari bilan termamizni oʻrtamiyona jamoaga aylantirib qoʻygan edi. Biz ham Yaponiya, Eron bilan oʻyindan oldin magʻlub boʻlib ulguradigan boʻlib qoldik. Mana shu koʻzi yonib turgan futbolchilar esa bizga Yaponiyani, Janubiy Koreyani 3 ta toʻp farqi bilan yutish mumkinligini koʻrsatdi. Ikkinchi tarkib bilan borganligi bu boshqa masala.

Ravshan Haydarov jamoani Osiyo oʻyinlari musobaqasiga olib ketayotgan tarkibni koʻrib avval boshdan biroz jahlim chiqqan edi. Buning sabablari bor.

Birinchidan, bosh murabbiy oʻziga ogʻir yukni oldi. Aynan mana shu jamoa Osiyo oʻyinlarda gʻolib chiqqanligi sabab, hamma undan eng yuqori natijani kutdi.

Ikkinchidan, futbolchilarimiz ham bu bosimga tayyor turishi talab qilindi. Umid Ahmadjonov ham futbolchilardan shuni talab qildi.

Norasmiy oʻtkazilayotgan futbol musobaqasidagi gʻoliblik bizga nima berar edi? Rahbariyatga boʻlgan ishonchmi? Musobaqalarda tajriba orttirish vazifasi qoʻyilgan edi, desak 4-5 yosh kichik bolalar bilan oʻynashdan ne naf?

Haydarov va Assosiatsiya uchun eng toʻgʻri yoʻl bu-aralash, asosi yoshlardan iborat termani Indoneziya safariga olib ketish ekanligini hozir aytgandan foyda yoʻq.

Bundan tashqari, Gonkong jamoasiga qarshi oʻtkazilgan uchrashuv oldidan mukofot pulining eʼlon qilinishi ham birozgina noxush holatni olib keldi. Davlat rahbari tomonidan 5 oy oldin taqdirlangan futbolchilar uchun mukofot puli shart edimi?

Janubiy Koreya uchun bu oʻyinning ahamiyati juda yuqori edi. Sonning harbiy xizmatidan ham muhimroq masalalar Koreyani oldinga boshladi. Janubiy Koreya milliy terma jamoasi Jahon chempionatidagi ishtirokidan soʻng oʻz davlatida iliq kutib olinmadi. Qishdagi yirik hisobda vakillarimizdan uchralgan magʻlubiyat alami ham tarqagani yoʻqligini murabbiyning gaplaridan ham bilib olishingiz qiyin emas edi. Shunday ekan, Koreya bu gʻalaba uchun “jonini fido“ qilishga ham tayyor edi.

Oʻyinning kichik detallarini alohida sanab oʻtish zarur emas. Kamchiliklarimiz va yutuqlarimiz borasida oʻylashib, xulosalar uchun “bosh qashish“imiz kerak.

Terma jamoaning musobaqadagi uchrashuvlari yorqin taassurot qoldirdi. Biz beshta uchrashuvda 16 ta gol urdik. Bunday natijaga erishgan jamoamizni eslab topa olmadim, siz ham urinib koʻring. Demak, jamoaning hujum chizigʻidagi muvaffaqiyatli ishtirokini olqishlashga haqimiz bor. Vyetnamdagi musobaqa qahramonlari oʻsha musobaqada ham sermahsullik namoyish qilishgan edi.

Gollardagi sermahsullikda yarim himoyachilarimizning ham hissasini koʻrib turibsiz. Hujumlarda xilma-xillikni yarata olishayotgan yarim himoyachilarimiz terma jamoadagi akalariga haqiqiy oʻrinbosarga aylana olishiga ishonish mumkin!

Bugungi hamda, umumiy, barcha oʻyinlardan shuni aytish mumkinki, jamoa murabbiylar shtabi darvozabon tanlashda adashgan. Himoyadagi kamchiliklarni ham bartaraf etish qiyin emas. Jamoani asosiy termaga nomzod sifatida qaraydigan boʻlsak, ular Anzur Ismoilov hamda Toʻxtaxoʻjayevlar “soyasida“ bemalol tajribali himoyachiga aylana oladi.

Indoneziya safari jamoa rahbariyatiga dars boʻlishini juda ham xohlar edim. Reja va aniq harakat orqali maqsadga erishiladi. Bugun Indoneziyada toʻp surgan jamoamiz Olimpiya terma jamoamiz emas - ular Milliy terma jamoamiz oʻrinbosarlari! Bundan keyingi yosh toifasidagi norasmiy uchrashuvlarga kelajakdagi musobaqalar oldidan tayyorgarlik sifatida qaralishi maqsadga muvofiq nazarimizda. Bugungi kichik natijalar katta natijalarimizning toʻsigʻi emas, poydevori boʻlishini istaymiz.

Oʻyin atrofidagi yana bir kichik detal. UFA rahbari oʻrinbosari futbolchilarimizni yana bir bor bokschilarimiz bilan uchrashtirdi. Nega? Futbolchilarimizning erishayotgan yutuqlari ring qirollaridan kam emas. Jamoaviy oʻyin va yakkalik sport oʻyinlari bir-biridan farq qiladi. Bunday uchrashuvlar foydadan koʻra zarariga ishlashini ikkinchi bor guvohi boʻlyapmiz. Balki kerak emasdir.

Kuper bugungi oʻyinni koʻrgani, shubhasiz. Uning ham xulosalari, fikrlari borligi turgan gap. Nima boʻlganda ham Indoneziya bizga koʻp narsani oʻrgatdi.

Bu musobaqada gʻolib boʻlishni orzu qilish - bu bizni Osiyo grandlaridan oʻzimizni bir pogʻona past his qilishimizga, oqibatda katta musobaqalarda ularning asli kuchiga notoʻgʻri baho berishga olib keladi. Biz ham ulardek bunday musobaqalarga ikkinchi, uchinchi darajada qarashimiz va yoshlarga imkon berishimiz faqat va faqat foydaga ishlaydi.

Rahmat, Indoneziya. Rahmat, Chempionlar!
Erkinjon Gʻaybullayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Indoneziyadagi magʻlubiyat fojiamiz emas