22:08 / 20.11.2018
3 221

Diyor Imomxoʻjayev Janubiy Koreya - Oʻzbekiston uchrashuvidan soʻng qanday fikrlar bildirdi?

Diyor Imomxoʻjayev Janubiy Koreya - Oʻzbekiston uchrashuvidan soʻng qanday fikrlar bildirdi?
Janubiy Koreya - Oʻzbekiston uchrashuvidan soʻng PFL bosh direktori maslahatchisi Diyor Imomxoʻjayev oʻyin borasida oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

- Xoʻsh, Janubiy Koreya darvozamizga 4 ta gol urdi. Bu dahshat, oʻrtoqlar!

Ammo masalaning boshqa tarafi ham bor. Avval ham aytganimdek, Kuperdan dekabrga qadar hech narsa kutmagandim, u sehrgar emas, u hamma qatori oddiy inson, tajribali murabbiy. Masalan, oʻzi oʻynagan 6 ta oʻrtoqlik oʻyinini yutib, Osiyo kubogida sharmanda boʻlganidan koʻra, oʻrtoqlik oʻyinlarining hammasida tarsaki yeb, rasmiy turnirga chiqargan xulosasi bilan tayyorgarlik koʻrgani ming marta yaxshiroq.

Kuper Oʻzbekiston futboli nima degan savolga endi javob bera oladi. Kuper futbolchilarimizni endi taniydi, imkoniyatlarini chamalay oladi. Livanlar bilan qanday durang oʻynashimizni, Qatarni nega doim yutganmiz-u, Koreya bilan farqimiz nega bu qadar katta ekanini tushunadi. Oʻzbekistonga xush kelibsan, mister Kuper!

Mana endi shu jamoa, shu imkoniyat va shu futbolchilar bilan, yaʼni, bor masalliq bilan mazali taom tayyorlash kerak boʻladi. Uning qanday oshpaz ekanligini Osiyo kubogi koʻrsatib beradi. U bungacha oʻtgan 3 ta yigʻinga turli futbolchilarni chaqirdi. Endi esa Osiyo kubogiga boradiganlarni saralab, dekabrni ularga bagʻishlaydi. Bir oy izlanadi, kechalari uxlamaydi, tushlariga Koreya va Yaponiya kirib, uni qoʻrqitsa ham ajab emas. Muhimi, rostakamiga ish boshlaydi. Birlamchi xulosani Osiyo kubogidan keyin chiqarish mumkin boʻladi.

Oʻtgan 3 oyga esa achinmang. Yangi tanishgan insoningiz aslida kim ekanini bilish uchun ham vaqt kerak. Kuper ham biz bilan, futbolimiz bilan tanishdi. Dardini bildi, tashhis qoʻydi. Davolay oladimi yoki yoʻq boshqa masala. Uning qanday shifokor ekanini Osiyo kubogi aniqlab beradi, - deya yozib qoldirdi Diyor Imomxoʻjayev ijtimoiy tarmoqdagi oʻzining sahifasida.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Diyor Imomxoʻjayev Janubiy Koreya - Oʻzbekiston uchrashuvidan soʻng qanday fikrlar bildirdi?