13:12 / 22.12.2018
3 685

Igor Shkvirin o‘zbek futbolidagi muammolar haqida gapirdi

Igor Shkvirin o‘zbek futbolidagi muammolar haqida gapirdi
O‘zbek futbolida o‘ziga xos nom qoldirgan sobiq futbolchi va taniqli murabbiy Igor Shkvirin o‘zbek futbolidagi muammolar, yoshni sun’iy kichraytirish va akademiyalarda bolalarga qilinayotgan qo‘pol muomalalar haqida gapirdi.

- Igor Anatolevich ko‘pchilikka sizdan intervyu olishimni aytganimda, ular Igor Shkvirinning kimligi bilan qiziqishdi. Ijozat bersangiz men ham shu savol bilan murojaat qilsam: “Igor Shkvirin bu kim?”

- Yosh avlod vakillari uchun balki u hech kim. Biroq kattaroq avlod uchun Igor Shkvirin o‘z o‘yinlari bilan o‘zbek futboliga ozmi-ko‘pmi foyda keltirgan futbolchi. Yoshlarning men haqimda bilmasliklari bu oddiy hol. Ulardan Kroyff yoki Bekkenbauer haqida so‘rasangiz ham biror nima bilmasliklari mumkin. Bu normal holat.

- Siz o‘zingizni o‘zbek futboli afsonasi deb hisoblay olasizmi?

- Agar faoliyatimning boshlang‘ich nuqtasidan boshlab qaraydigan bo‘lsak, aslida ham shunday. Hammasi Sobiq ittifoq davridan boshlangandi. Mustaqillikka erishgach esa Xirosimadagi Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozondik.

- O‘zbek futbolining eng yorqin davrlari sifatida qaysi yillarni ayta olasiz: 90 yillarning oxiri, 2000 yillar yoki so‘nggi 8 yillik?

- Bunga qaysi nuqtai nazar bilan qarashga bog‘liq. Agar buni qandaydir g‘alabalar bilan o‘lchaydigan bo‘lsak, bunga 25 yil bo‘ldi. 1994 yildan buyon biz hech narsaga erishganimiz yo‘q.

- Ko‘pchilik oxirgi muvaffaqiyatsizliklarni Abramov bilan bog‘laydi. Biroq aynan Vadim Karlenovich boshqaruvidagi O‘zbekiston jamoasi Osiyo kubogi – 2011 da kuchli to‘rtlikka kirgandi. Umuman nima sababdan natija bu qadar tez pastlab ketdi?

- Men natijalar pasayib ketgani haqidagi fikrga qo‘shilmayman. Osiyo kubogi tez yakuniga yetuvchi turnir. Bu musobaqada bor-yo‘g‘i 7 ta o‘yin o‘tkaziladi. Biz ham Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozonganimizda ayni shuncha o‘yin o‘tkazgandik.

- Terma jamoa mavzusiga yana qaytsak. Ektor Kuper – bu navbatdagi xatomi yoki oldinga tashlangan qadam?

- Fikrimcha xulosa qilishga hali erta. U o‘zining dastlabki intervyularidayoq himoyadan o‘ynashini aytgandi. Janubiy Koreya bilan o‘yin shuni ko‘rsatdiki, 4 ta gol himoyaviy o‘yin uchun juda ko‘p.

- Terma jamoaning ayni tarkibidagi ko‘pchilik futbolchilar Abramov davridan buyon o‘ynab kelmoqda. Nima deb o‘ylaysiz, ular yana qandaydir foyda berishlari mumkinmi? Balki Osiyo chempionatida g‘alaba qozongan olimpiya terma jamoasidan ko‘proq futbolchi jalb etish kerakdir?

- Kuper shu futbolchilarni tanlabdimi, bu kabi masalalarni ham o‘zi hal qilgani ma’qul. Rahbariyat ham bekorga uni bu ishga jalb qilmagan. Bundan tashqari, u yagona nomzod bo‘lgan, deb ham o‘ylamayman.

- O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatida ishtirok eta oladimi?

- Buning uchun futbolchilar qandaydir mahorat ko‘rsatganlaricha yo‘q. Har qalay muxlislarning umidi hali so‘nganicha yo‘q.

- Terma jamoa mavzusidan biroz chetlashamiz. Ayni paytda O‘zbekistonda xorijiy klublar akademiyalari ancha ommalashdi. Nima sababdan Paxtakor, Bunyodkor va Nasaf ulardan ortda qolyapti?

- Paxtakorning Chilonzordagi akademiyasida hamma bitta sun’iy maydonda shug‘ullanadi. Biroq bu akademiya emas, shunchaki futbol maktabi. Paxtakorda futbol akademiyasi yo‘q. Bunyodkorning akademiyasini oladigan bo‘lsak, u yerda ixtisoslashtirilgan maktab va sakkizta maydon mavjud. Bu yerda ular istalgan vaqtda shug‘ullanish imkoniga ega emas. Ya’ni, bir murabbiy maydon bo‘shashini kutsa, boshqasi maydonning qachon bo‘shashini ham bilmaydi. Shunday ekan, Paxtakor haqida gap ketganda, menimcha, u yerda akademiyaning o‘zi yo‘q. Shunchaki futbol maktabi. Akademiya to‘la infratuzilmaga ega bo‘lishi kerak.

- Akademiya bo‘la turib ham, bolalar bilan ishlay oladigan murabbiy bo‘lmasa-chi?

- Ha, murabbiyga juda ko‘p narsa bog‘liq. Chunki bolalar bilan ishlash bu umuman boshqa ish. Sobiq ittifoq davrida bolalarni 11 yoshdan futbol maktablariga olishardi. Faqat Paxtakor va Chig‘atoydagina bolalarni yetti yoshdan olishgan. Ular butun dunyoda yetakchilardan edi. O‘sha vaqtlarda bolalar maktabga borgan yildan boshlab futbol o‘ynashni istashardi. Bugun esa ota-onalar bolalarining futbol o‘ynashlarini istashadi. Bolaning xohishi esa ko‘pincha ikkinchi darajaga tushib qoladi. Avvallari biz mashg‘ulotlarga tramvay, velosipedlarda borardik. Hozir esa bolalar “Mersedes”larda kelishadi. Ko‘pchilik holatlarda bolalar ota-onalarining istaklari bilan akademiyalarga kelishadi. Buning qanchalik foyda berishini esa vaqt ko‘rsatadi. Bundan tashqari, odamda muammo bo‘lmasa, unga futbolning ham keragi yo‘q. Qashshoq bolakaylardan yaxshi futbolchilar ko‘proq yetishib chiqadi. Oldinlari murabbiylar maktablarda o‘yin maydonchalarida yurib iqtidorli bolalarni ko‘zdan kechirishardi. Shu orqali mashg‘ulotlarga taklif etib, shug‘ullantira boshlardi. Hozirgi paytda qancha bolalar yuqori darajada o‘ynay olishadi, biroq ularning ota-onalari akademiyalarga olib kela olishmaydi. Ko‘rinishidan biznes iqtidorlarni barbod qilmoqda. Ammo iqtidorlar hamon mavjud-ku! Bundan bir qancha vaqt muqaddam ota-onalardan biri farzandi futbol akademiyasiga borishni istashini, biroq narxlarning o‘ta qimmatligi sabab bunga imkoniyatlari yo‘qligini aytgandi.

- Bunga qarshi qanday kurashish mumkin?

- Ochig‘i buni bilmayman.

- Agar futbol assotsiatsiyasi bunga e’tibor qaratmasa, xususiy maktablar esa qimmat bo‘lsa, nima qilish kerak?

- Demak, yangi muqobillar topish lozim. Biz hozir Paxtakor akademiyasi haqida gaplashyapmiz. Ammo u yerda ham biznes ustunlik qiladi.

- Nega bizda iqtidorli futbolchilar mavjud bo‘lsada, ular iqtidorlarini to‘la namoyon eta olishmaydi. Yoki professional futbolga o‘tishlari bilan yo‘qolib ketishadi. Nega futbolchilarimizni professional futbolga o‘tish vaqtida yo‘qotyapmiz?

- Bu savol bilan ko‘pchilik murojaat qiladi. Yoshlar futbolidan kattalar futboliga o‘tishga hammaning ham bardoshi yetarli emas. Buni qaysidir ma’noda olov va suv o‘rtasidan o‘tish deyish ham mumkin. Masalan, bir futbolchi yoshlar toifasida yaxshi natijalar qayd etib keldi. Ammo kattalar futboliga o‘tgach, umuman boshqacha yuklamalarga duch keldi.

Umuman olganda, biz yoshlar toifasida yaxshi o‘yin namoyish etamiz. Chunki 16 yoshlilar qatnashadigan musobaqada 3-4 yosh katta futbolchilar qatnashishadi. Ular kattalar futboliga o‘tishgach esa normativlarga doim ham ko‘nikib keta olishmaydi. Chunki bu yerda talablar boshqacha bo‘la boshlaydi.

Biz o‘z-o‘zimizni arzon g‘alabalar bilan aldayapmiz. 30 yoshni "urib qo‘ygan" futbolchi 25 yoshman deb keladi. Farqi bormi? Bor. Bu faqat bizda emas. Deyarli butun Afrika yoshni kichraytiradi. Yevropada esa bunga jiddiy qarashadi. Shuning uchun ham u yerda qon tahlillari olinadi. Yaponiya va Janubiy Koreya esa turnirlarga 2-3 yosh kichik futbolchilar bilan keladi. Ular bu orqali yosh futbolchilarda kurashuvchanlik hissini oshirishadi. Biz esa faqat o‘zimizni aldaymiz.

- Shu kunlarda ba’zi murabbiylar borki, bolalarni yomon so‘zlar bilan haqoratlaydi. Bunga munosabatingiz qanday?

- Bu holatni umuman oqlab bo‘lmaydi. Bunday murabbiylarni chetlashtirish kerak. Bolalarning har biri ertaga kim bo‘lib yetishishidan qat’iy nazar alohida shaxs. Futbolchilar ahmoqroq bo‘ladi, degan stereotip mavjud. Bu noto‘g‘ri. Men universitetning yuridik fakultetini bitirgan futbolchilarni bilaman. Agar bolalarga yoshligidan yomon muomala qilib borilsa, ularning ham yuzi qotib boraveradi. Natijada ular yaxshilikcha aytilgan gapni hazm qila olishmaydi. Ular faqat koyish va so‘kishlarga o‘rganib qolishadi. Bu esa umuman noto‘g‘ri.

Manba: Turon24.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Igor Shkvirin o‘zbek futbolidagi muammolar haqida gapirdi